«Barselona» Rodri va Joau Kanselu transferlari bo‘yicha ishlarni yakunlamoqda.
Avvalroq ispaniyalik yarim himoyachi «Manchester Siti»dan «Barselona»ga bonuslarni hisobga olgan holda 76,5 million yevro evaziga o‘tishi, portugaliyalik himoyachi esa «Al-Hilol» bilan shartnomasini bekor qilganidan so‘ng kataloniyaliklar safiga erkin agent sifatida qo‘shilishi haqida xabar berilgandi.
Mundo Deportivo nashri ma’lumotiga ko‘ra, bugun ertalab har ikki futbolchi «Barselona» uchun tibbiy ko‘rikdan o‘tgan.
Klub Rodrini bugunning o‘zida yopiq tadbir doirasida klub ofisida tanishtirishni rejalashtirmoqda. Yarim himoyachining «Kamp Nou» stadionida taqdimoti ham ko‘rib chiqilgan, biroq stadiondagi qurilish ishlari bilan bog‘liq qiyinchiliklar sababli bu variantdan voz kechilgan.
Ma’lumot uchun, Rodri 2019 yildan buyon «Manchester Siti» safida to‘p tepib kelgan va klub bilan ko‘plab sovrinlarni qo‘lga kiritgan.
Eslatib o‘tamiz, Joau Kanselu avval ham «Barselona» safida ijara asosida to‘p tepgan. Portugaliyalik futbolchi 2023/24 yilgi mavsumda ham kataloniyaliklar safida ijara asosida o‘ynagan.