«Real» klubining telekanali «Atletiko»ning hakamlarga hurmat ko‘rsatish haqidagi chaqirig‘iga javob qaytardi. Bu bayonot Madrid derbisidan keyingi hakamlik atrofidagi bahslar fonida yangradi.
La Ligadagi 7-tur doirasida «Atletiko» o‘z maydonida «Real»ni 2:1 hisobida mag‘lub etdi. Bahs bosh hakami Migel Anxel Ortis Arias bo‘ldi. «Real» bosh murabbiyi Joze Mourinio o‘yindan keyin hakamlikdan noroziligini bildirib, ayrim epizodlarni jurnalistlarga ko‘rsatgandi.
«Atletiko» esa keyinchalik Mourinioning bahsdagi vaziyatlar aks etgan suratlarini e’lon qilib, hakamlarga nisbatan bosimni to‘xtatishga chaqirdi. Klub shuningdek, «Bu mavsumda ular juda erta boshlashdi. Mexanizm ishga tushdi», deya bayonot berdi.
Bunga javoban «Real» TVsi efirida «Atletiko» futbolchilari va bosh murabbiy Diyego Simeonening hakamlik qarorlaridan norozilik bildirgan avvalgi bayonotlari jamlangan videolavhani namoyish etdi.
«Ular hakamlar qarori o‘zlariga qarshi bo‘lganida bunchalik hurmat ko‘rsatmaydi. Ularning xotirasi qisqa — ular hakamlarga hurmat talab qiladi, ammo bu faqat ba’zida kuzatiladi. Hozir ular hurmat talab qilmoqda, lekin ko‘rgan narsalari yoqmasa, shikoyat qiladi», — deyiladi «Real» TVsi tayyorlagan videoda.
Shuningdek, klub telekanali «Atletiko»ning hakamlikka oid avvalgi bayonotlari va ijtimoiy tarmoqdagi postlarini ham eslatdi. Lavhada «Atletiko»ning sobiq bosh murabbiyi Gregorio Mansanoning ham nomi tilga olingan. U 2025 yilda hakamlarni texnik baholash qo‘mitasiga mustaqil ekspert sifatida qo‘shilgandi.
Eslatib o‘tamiz, Madrid derbisida «Atletiko» «Real»ni 2:1 hisobida mag‘lub etgandi.
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi