«Barselona» himoyachisi Erik Garsiya Yevropaning bir qator yetakchi klublari e’tiboriga tushdi. Bu haqda insayder Ekrem Konur xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, «PSJ» va «Manchester Yunayted» jamoalari ispaniyalik 25 yoshli futbolchini o‘z safiga qo‘shib olishdan manfaatdor. Shuningdek, «Nyukasl» hamda «Aston Villa» klublari ham Erik Garsiya bilan shartnoma imzolashni istamoqda.
Qayd etilishicha, da’vogar jamoalar Garsiya transferi uchun 70 million yevrodan ortiq mablag‘ taklif qilishga tayyor. Futbolchiga bo‘lgan yuqori talab esa uning «Barselona»dagi kelajagi borasida savollar tug‘dirmoqda.
Erik bu mavsumda barcha turnirlar doirasida sakkizta uchrashuvda maydonga tushdi. Uning kataloniyaliklar bilan amaldagi shartnomasi 2031 yilning yoziga qadar mo‘ljallangan.
Avvalroq «Barselona» bir shart evaziga Olmoni qo‘yib yuborishi mumkinligi xabar qilingandi.