Turinning «Yuventus» klubi himoyachisi Per Kalulu Angliya Premer-ligasining nomdor klublaridan birining safiga borib qo‘shilishi mumkin. Bu haqda Tuttomercatoweb xabar berdi.
Manbaning ma’lumotlariga ko‘ra, fransiyalik futbolchining transferiga «Liverpul» qiziqish bildirmoqda. Mersisaydliklar Kaluluni yozgi transfer oynasining eng muhim maqsadlaridan biri sifatida belgilab oldilar. Shuningdek, «qizillar» ro‘yxatida Braziliya milliy jamoasi va «Roma»ning laterali Uesli ham bor.
Ma’lumotlarga ko‘ra, «keksa sinora» o‘z navbatida, Kaluluga yangi shartnoma taklif qilmoqchi. 26 yoshli futbolchi va Turin grandi o‘rtasidagi amaldagi mehnat shartnomasi muddati 2029-yil iyun oyi oxirigacha mo‘ljallangan.