«Kristal Pelas» va Ispaniya milliy jamoasi vingeri Yeremi Pino UYEFA Konferensiyalar ligasi finalida «Rayo Valekano»ga qarshi o‘yin oldidan qattiq hayajonlanyotganini tan oldi.
«Angliyada «Rayo Valekano» haqida nima deb o‘ylashlarini bilmayman. Men bu jamoa bilan ko‘p marotaba o‘yin o‘tkazganman va ular haqida biroz ma’lumot bilaman (Pino butun professional faoliyatini «Vilyarreal»da o‘tkazgan. — tahrir. izohi). Final oldidan menda katta hayajon bor. Katta tajribaga egaman — bu mening oltinchi katta finalim, lekin hech qachon bunday hayajonlanmaganman. Bu muhim sovrin. Biz uni qo‘lga kiritish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solamiz», — deya Pinoning so‘zlaridan iqtibos keltiradi UYEFA rasmiy sayti.
«Kristal Pelas» — «Rayo Valekano» o‘rtasidagi final bahsi bugun, 27-may Leypsigdagi «Red Bull Arena»da bo‘lib o‘tadi.
Avvalroq Pino Ispaniya milliy jamoasi bilan UYEFA Millatlar ligasi finalida uch bor o‘ynagan (2021 va 2025-yillarda ikki bor kumush medal, 2023-yilda oltin medal). Bundan tashqari, Yeremi faoliyati davomida «Vilyarreal» tarkibida Yevropa ligasi finali (2021-yil) va 2021 yilgi UYEFA Superkubogi o‘yinida qatnashgan, o‘shanda ispanlar «Chelsi»ga penaltilar seriyasida mag‘lub bo‘lgan.