Eronning “Persepolis” klubida o‘ynayotgan O‘zbekiston milliy jamoasi futbolchisi Oston O‘runov va yangi bosh murabbiy Mehdi Tartar o‘rtasida tushunmovchilik yuzaga kelgan. Eronning Footballu nashri xabariga ko‘ra, bu vaziyat futbolchining qishki transfer darchasida jamoani tark etishiga olib kelishi mumkin.
O‘runov o‘tgan mavsumda “Persepolis”ning chempionlikka erishishida muhim hissa qo‘shgan. Biroq keyinchalik olgan jarohatlari uning o‘yin amaliyotiga ta’sir ko‘rsatgan.
Tartar O‘runovning o‘yin uslubidan to‘liq qoniqmayotgani va futbolchidan taktik vazifalarni aniq bajarishni talab qilayotgani aytilmoqda. Shu sababli 25 yoshli vinger yangi mavsum boshidan asosiy tarkibdagi o‘rnini yo‘qotgan.
“Persepolis” Eron chempionatining dastlabki uch turida ikki marta g‘alaba qozondi va so‘nggi turda “Traktor”ga 0:1 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Ushbu uchrashuvda O‘runov ham, jamoaning yana bir o‘zbekistonlik hujumchisi Igor Sergeyev ham maydonga tushmadi. O‘runov mavsum boshidan beri biror marta ham asosiy tarkibda o‘ynamagan.
Murabbiy bu qarorni faqat sport nuqtai nazaridan qabul qilinganini ta’kidladi:
“Sergeyev va O‘runovning maydonga tushmagani — texnik qaror. Barcha chiziqlarda yaxshi futbolchilarimiz bor va kim maydonga tushishini murabbiylar shtabi hal qiladi”.
Ayni paytda Tehron klubining raqibi Tabrizning “Traktor” klubi O‘runovning vaziyatini kuzatib bormoqda. Xabarlarga ko‘ra, Tabriz klubi qishki transfer darchasida o‘zbekistonlik futbolchini tarkibiga qo‘shib olishni rejalashtirmoqda.
Hozircha O‘runovning “Persepolis”da qolishi yoki qishda jamoasini almashtirishi Tartarning unga keyingi turlarda qanchalik ishonch bildirishiga ham bog‘liq.
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi