O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasida milliy va yoshlar jamoalari faoliyatini tahlil qilish hamda 2027 yilga mo‘ljallangan ustuvor vazifalarni belgilashga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘FA rahbariyati, O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro, erkaklar va ayollar milliy jamoalari, shuningdek, U-23, U-20, U-18, U-17, U-16, U-15 va U-14 yosh toifalaridagi jamoalar bosh murabbiylari ishtirok etdi.
Tadbir davomida 2026 yilda amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilinib, turli yoshdagi jamoalarning xalqaro musobaqalardagi ishtiroki, erishilgan natijalar va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar atroflicha muhokama qilindi.
O‘FA rahbariyati tomonidan ijobiy natijalar e’tirof etilishi bilan birga, mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Har bir jamoa bosh murabbiyi o‘z faoliyati yuzasidan hisobot taqdim etib, bajarilgan ishlar, futbolchilarning tayyorgarlik darajasi va kelgusi rejalar haqida ma’lumot berdi.
Yig‘ilishda futbolchilarning jismoniy, taktik va psixologik tayyorgarligini takomillashtirish, xalqaro musobaqalarga puxta hozirlik ko‘rish hamda terma jamoalar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, hujumchilar va darvozabonlar bilan individual ishlash sifatini oshirish, mashg‘ulotlarda har bir muhim jihatni hisobga olish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro ham muhokamalarda faol ishtirok etib, o‘zining xalqaro futbolda orttirgan tajribasi asosida yoshlar jamoalari ustozlariga qator maslahatlar berdi.
Yig‘ilishning muhim mavzularidan biri 2027 yilda O‘zbekistonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan yirik xalqaro musobaqalarga tayyorgarlik bo‘ldi.
Xususan, may oyida yurtimiz mezbonlik qiladigan U-17 Osiyo kubogini yuqori saviyada tashkil etish va unda O‘zbekiston jamoasining munosib ishtirokini ta’minlash ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilandi.
Bundan tashqari, sentyabr – oktyabr oylarida yurtimizda o‘tkazilishi rejalashtirilgan U-20 jahon chempionatiga tayyorgarlik jarayonlari ham muhokama qilindi.
Mazkur musobaqalarga davlat miqyosida katta e’tibor qaratilayotgani, ularni yuqori tashkiliy saviyada o‘tkazish va terma jamoalar uchun zarur sharoitlarni yaratish muhimligi ta’kidlandi.
Yig‘ilish yakunida barcha jamoalar oldiga aniq vazifalar qo‘yildi. Kelgusi xalqaro musobaqalarda yuqori natijalarga erishish, istiqbolli futbolchilar zaxirasini kengaytirish va o‘zbek futbolining xalqaro maydondagi raqobatbardoshligini oshirish bo‘yicha ishlarni izchil davom ettirish zarurligi qayd etildi.