«Bavariya» klubi va Germaniya milliy jamoasining sobiq darvozaboni Manuel Noyerning sobiq rafiqasi Anika Bissel ijtimoiy tarmoqlarda xiyonat mavzusiga bag‘ishlangan bir nechta postlarni o‘z sahifasida qayta joylashtirdi.
Avvalroq juftlik ajrashgani haqida xabarlar tarqalgan edi.
40 yoshli futbolchi va 26 yoshli gandbolchi ayol oktabr oyi boshida munosabatlariga nuqta qo‘yishgan. Juftlik 2023-yil noyabr oyida rasman nikohdan o‘tgan. Ularning ikki nafar o‘g‘li bor. Kichik farzandi kuz boshida dunyoga kelgan.
Anika ijtimoiy tarmoqlardagi postlarni Noyerning 23 yoshli qiz hamrohligida Braziliyaga safar qilgani haqidagi xabarlar fonida joylashtirdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, u qiz darvozabonning fizioterapevti hisoblanadi.
Anika o‘z postlarida Manuelning ismini tilga olmagan va uni ochiqchasiga xiyonatda ayblamagan.
«Homilador ayolga xiyonat qilish — bu pastkashlikning mutlaqo boshqa darajasi. Tasavvur qiling: siz farzandingizni qornida ko‘tarib yurgan ayolga qaraysiz, uning tanasi qanday o‘zgarayotganini, qanchalik qiynalayotganini, charchayotganini va homiladorlik davrida nimalarni boshidan kechirayotganini ko‘rasiz. Shunga qaramay, uning ortidan xiyonat qilishga jur’at topasiz.
Bu shunchaki «xatolik» emas. Bu — ongli ravishda qilingan tanlov. Xudbinlik, shafqatsizlik va hurmatsizlik», — deyiladi Anika qayta joylashtirgan birinchi postda.
Shuningdek, Anika quyidagi mazmundagi yozuvni ham o‘z sahifasida bo‘lishgan: «Ishonamanki, bir kun kelib sobiq rafiqang sifatida seni kechira olaman. Ammo farzandingning onasi sifatida bizning o‘rnimizga boshqa ayolni tanlaganingni hech qachon kechirmayman».
Ta’kidlanishicha, darvozabonning rafiqasi uning xiyonat qilganini erining tanishlaridan bilib qolgan. Noyer esa farzandi tug‘ilganidan bir necha kun o‘tib, unga ajrashish niyati borligini ma’lum qilgan.
Noyerning sobiq rafiqasi: «Homilador ayolga xiyonat qilish — pastkashlikning boshqa darajasi»
Futbol
27 noyabr, 04:20
Anika Bissel «Bavariya» posbonini hech qachon kechirmasligini aytdi.
Foto: Getty Images