"Neftchi" murabbiylar shtabi aʼzosi, tahlilchi (analitik) mutaxassis Fakundo Stik oʻzaro kelishuvga koʻra jamoadagi faoliyatini yakunladi.
Bunga argentinalik mutaxassisning Yevropaning top ligasiga yoʻl olishi sabab boʻldi. Uning yangi manzili A Seriyaning "Kalyari" bo‘lishi kutilmoqda.
"Fakundo Stik jamoamiz safiga mavsum avvalida kelib qo‘shilgan bo‘lib, yanvar oyidan buyon bosh murabbiy Islombek Ismoilov va murabbiylar shtabiga analitika yo‘nalishida yaqindan yordam berib keldi. Uning zamonaviy futbolga bo‘lgan qarashlari, raqiblarni tahlil qilishdagi tajribasi hamda oʻz ishiga boʻlgan professional yondashuvi jamoamizning koʻplab muvaffaqiyatlarida muhim oʻrin tutdi.
Mutaxassis mart oyida jamoamiz bilan birgalikda Oʻzbekiston superkubogini qoʻlga kiritib, klubimiz tarixidagi yorqin sahifalardan biriga oʻz hissasini qoʻshdi. Qisqa vaqt ichida u nafaqat malakali mutaxassis, balki jamoamizning hurmatga sazovor insonlaridan biriga aylandi.
Fakundo Stikka klubimiz nomidan fidokorona mehnati, professionalligi va jamoamiz rivoji yoʻlida qoʻshgan hissasi uchun samimiy minnatdorchilik bildirganmiz.
Kelgusi faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar, yangi zafarlar va yorqin natijalar tilab qolamiz!
Rahmat barchasi uchun, Fakundo!" — deyiladi klub xabarida.
"Neftchi"ning tahlilchi murabbiyi jamoa bilan xayrlashdi
Futbol
24 iyun, 12:55
Argentinalik mutaxassis top-5 ligaga yo'l oldi.
Foto: Neftchi PFC