Live
1
O'zbek

«Nasaf»ning OChL 2 turniridagi raqibi: «Al Haldiya» haqida

Futbol
16 sentabr, 04:15
Bahrayn klubi qisqa tarixiga qaramay, mamlakat chempionligini ikki marta qo‘lga kiritgan.
«Nasaf»ning OChL 2 turniridagi raqibi: «Al Haldiya» haqida
Foto: Getty Images
16.09.2026, 12:00 Osiyo Chempionlar Ligasi 2 Al Khalidiyah Al Khalidiyah - : - Nasaf Qarshi Nasaf Qarshi

Bugun, 16 sentyabr kuni «Nasaf» Osiyo Chempionlar Ligasi 2 musobaqasi 1-turida Bahraynning «Al Haldiya» klubiga qarshi bahs olib boradi.

«Al Haldiya» 2020 yil 27 oktyabrda tashkil etilgan bo‘lib, qisqa vaqt ichida Bahraynning yetakchi klublaridan biriga aylandi. Jamoa muxlislar orasida «Bahrayn sherlari» nomi bilan tanilgan. Klub uy bahslarini Riffa shahridagi 24 mingdan ortiq tomoshabinni sig‘dira oladigan Bahrayn Milliy stadionida o‘tkazadi.

«Al Haldiya» ikki karra Bahrayn chempioni, ikki karra Bahrayn Qirol kubogi va to‘rt karra Bahrayn Superkubogi sohibi hisoblanadi. Jamoa 2022/23 va 2023/24 yilgi mavsumlarda ketma-ket chempionlikni qo‘lga kiritgan. O‘tgan mavsumda esa 54 ochko bilan ikkinchi o‘rinni egallagan. «Al Muharraq» chempionlikni 55 ochko bilan qo‘lga kiritgan.

Bahrayn klubi Osiyo Futbol Konfederatsiyasi tashkil etadigan rasmiy klub musobaqalarida 15 ta bahs o‘tkazgan. Ushbu bahslarning 5 tasida g‘alaba qozongan, 4 tasida durang qayd etgan va 6 tasida mag‘lub bo‘lgan.

«Al Xaldiya»ning Osiyo maydonidagi eng yaxshi natijasi 2024/25 yilgi mavsumda qayd etilgan. Klub OChL-2 guruh bosqichidan chiqib, nimchorak finalgacha yetib borgan. Ushbu bosqichda Bahrayn vakili Eronning «Traktor» klubiga ikki bahs natijasiga ko‘ra imkoniyatni boy bergan.

O‘tgan mavsumda esa «Al Haldiya» OChL-2 guruh bosqichida «Al Ahli», «Andijon» va «Arkadag'» bilan bir guruhdan joy olgan. Jamoa 6 bahsda 1 ta g‘alaba, 3 ta durang va 2 ta mag‘lubiyat qayd etib, 6 ochko bilan uchinchi o‘rinni egallagan va pley-offga chiqa olmagan.

Ayni paytda «Al Haldiya»ni xorvatiyalik mutaxassis Goran Tomich boshqarmoqda. 49 yoshli murabbiy avval Xitoy, BAA va Saudiya Arabistoni klublarida ham faoliyat yuritgan.

Klub yozgi transfer oynasida tarkibini sezilarli darajada kuchaytirdi. JAR milliy jamoasi yarimhimoyachisi Patrik Masvanganyi «Orlando Payrets»dan kelib qo‘shildi. Shuningdek, shimoliy makedoniyalik himoyachi Darko Velkovski, marokashlik Abdelhak Assal va Valid Sabbar, xorvatiyalik Domagoy Drojek ham jamoa safiga qo‘shildi.

Braziliyalik Gleison Moreira, shuningdek, Bahrayn milliy jamoasi futbolchilari Mehdi Humaidan va Mohamed Adel «Al Haldiya»ning muhim o‘yinchilari hisoblanadi.

Goran Tomich shogirdlari yangi mavsumni ham muvaffaqiyatli boshladi. «Al Haldiya» dastlabki turda «Al Najma»ni 7:2, ikkinchi turda «A’Ali»ni 3:1 hisobida mag‘lub etdi. Uchinchi turda esa «Ar Riffa» bilan 0:0 hisobida durang o‘ynadi. Natijada jamoa uch bahsdan so‘ng 7 ochko jamg‘arib, 10 ta gol urgan.

«Al Haldiya» — «Nasaf» bahsi OChL 2 musobaqasi 1-turi doirasida bugun Bahraynda bo‘lib o‘tadi.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Al Khalidiyah Al Khalidiyah
  • Nasaf Qarshi Nasaf Qarshi
  • Osiyo Chempionlar Ligasi 2 Osiyo Chempionlar Ligasi 2
Bugungi yangiliklar