Tomas Myuller, Mats Hummels va Yan Zommer boshchiligidagi investorlar guruhi Amadora shahrini ifodalovchi «Eshtrela» klubining 90 foiz aksiyasini sotib oldi. Bu haqda Record xabar berdi.
Bitim qiymati 40 million yevroni tashkil etdi. Ushbu kelishuv Portugaliya futboli tarixidagi ommaviy sport kompaniyasi bilan bog‘liq eng yirik bitim sifatida qayd etildi.
Taqqoslash uchun, klubning avvalgi egasi Paulo Lopu 2020 yil iyulida «Eshtrela»ni atigi 72 ming yevroga sotib olgan edi. O‘sha vaqtda jamoa Portugaliya uchinchi divizionida ishtirok etgan. 2023/24 yilgi mavsumga kelib esa klub mamlakat oliy divizioni — Primeyraga qaytdi.
Shu bilan birga, «Eshtrela»ning moliyaviy holati murakkabligicha qolmoqda. 2026 yil may oyida klub 25 million yevrodan ortiq qarzlarini restrukturizatsiya qilish uchun sudga murojaat qilgan.
Ma’lumot uchun, Tomas Myuller «Bavariya» safida 13 marta Germaniya chempionligini qo‘lga kiritgan, ikki bor Chempionlar ligasida zafar quchgan. Germaniya terma jamoasi bilan esa 2014 yilgi jahon chempioni bo‘lgan.
Mats Hummels faoliyati davomida «Borussiya Dortmund», «Bavariya» va «Roma» klublarida to‘p tepgan. U besh marta Germaniya chempioni bo‘lgan va 2014 yilgi JCHda oltin medalni qo‘lga kiritgan.
Yan Zommer esa Shveytsariya terma jamoasi darvozaboni bo‘lib, «Bazel», «Borussiya Myonxengladbax», «Bavariya» va «Inter» klublari safida faoliyat olib borgan.
Eslatib o‘tamiz, «Eshtrela» 2023/24 yilgi mavsumdan boshlab Portugaliya chempionatining yuqori divizionida ishtirok etmoqda.