Krishitanu Ronaldu "Manchester Yunayted"ga qaytmaydi.
"An Nasr" hujumchisi klub va liga rahbarlaridan norozilik sabab Saudiya Arabistoni chempionatida ikki bellashuvni oʻtkazib yubordi — "Ar Riyod" (1:0) hamda "Al Ittihod"ga (2:0) qarshi.
Avvalroq 41 yoshli futbolchi Saudiya Arabistoni Suveren jamgʻarmasi (PIF) klublarni raqobatchilarga nisbatan qanday boshqarayotganidan norozi ekani va "An Nasr"ga chempionlik uchun kurashda toʻsiqlik qilinmoqda, deb hisoblayotgani xabar berilgandi. Shuningdek, u raqobatga zarar yetkazilishi sababli Karim Benzemaning "Al Hilol"ga oʻtishiga qarshi chiqqandi.
Yana yozilishicha, Riyod klubidagi maoshlar boʻyicha qarzdorlik ham Krishitanuning "Al Ittihod"ga qarshi oʻyinda maydonga tushmasligiga sabab boʻlgan.
Jurnalist Sasha Tavolerining "Manchester Yunayted"ga yaqin manbalarga tayanib xabar berishicha, ingliz klubi portugaliyalik futbolchini qaytarishga qiziqmayapti. Ronaldu mankunianlar safida 2003–2009 yillar hamda 2021–2022 yillar oraligʻida toʻp tepgan.