Live
11
O'zbek

Lyupche Doriev: "Jamoadoshlarimsiz men bu yerda hamma bilgan o'yinchi bo'la olmasdim"

Eksklyuziv
9 avgust, 10:27
Tribuna.uz jurnalisti Doriev bilan suhbatlashdi.
Lyupche Doriev: "Jamoadoshlarimsiz men bu yerda hamma bilgan o'yinchi bo'la olmasdim"
Фото: Сўғдиёна ПФК

Bugungi kunda O‘zbekiston Superligasida o‘ynayotgan legionerlar orasida eng zo‘ri kim deb so‘ralsa, barcha ikkilanmasdan Lyupche Doriev deb javob berishga odatlanib qoldi.

Makedoniyalik bu yigit "So‘g‘diyona"dagi faoliyati davomida faqat maqtovlar qurshovida qolgan. Bunga u o‘zining mehnati, o‘yinlari, gollari va albatta natijalari bilan sazovor bo‘lmoqda. Shu sababli ham klub u bilan shartnomani uzaytirib kelmoqda.

Aslida Dorievni o‘z safida ko‘rishni istayotgan yetakchi klublar bisyor va chetdan ham doim takliflar bo‘ladi. Ammo u Jizzaxda o‘zini baxtli his qilmoqda. Hozirda 16 ta o‘yinda 12 ta goli bilan Superligada yaqqol to‘purar bo‘lib turibdi. Tribuna.uz jurnalisti Doriev bilan suhbatlashdi.

- Chempionatda 12 ta gol kiritishga ulgurdingiz va to‘purarlar bahsida yakka peshqadamlik qilyapsiz. Eng yaxshi to‘purarlar poygasida g‘olib chiqishingiz uchun qancha gol urishingiz kerak bo‘ladi?

- Har yili o‘z oldimga qo‘yadigan asosiy maqsad eng yaxshi to'purarga aylanish emas. Men uchun yanada muhimroq o‘tgan yilgiga nisbatan yaxshiroq o‘yin ko‘rsatish. Agar o‘tgan mavsumda 16 ta gol urgan bo‘lsam, bu safargisida undan bitta ko‘proq gol urish payida bo‘laman. Birinchi navbatda o‘zim bilan o‘zim raqobatlashishga, kurashishga harakat qilaman. Shundagina sen yaxshi va zo‘rroq bo‘lishing mumkin.

- Yaqinda "So‘g‘diyona" bilan shartnomangizni uzaytirdingiz. Agar xato qilmayotgan bo‘lsam, Jizzaxda 2023 yildan beri o‘ynab kelyapsiz. Bu yerda sizni nima ushlab turibdi?

- Bu yerda o‘zimni topdim. Jizzax men uchun Makedoniyadan so‘ng xuddi ikkinchi uyimdek bo‘lib qoldi. Odamlar meni hurmat qilishadi, klub prezidenti va barcha xodimlari ham. Shu sababdan har o‘yinda yaxshiroq taassurot qoldirishga harakat qilyapman. Umid qilamanki, jamoa bilan hech bo‘lmaganda bitta tarixiy sovringa ega chiqa olamiz.

- Ko‘pchilik sizni O‘zbekiston chempionatidagi eng yaxshi legioner deb hisoblaydi. Bunday fikrlarga qo‘shilasizmi?

- Bu boradagi qarashlarga baho berish mening zimamga kirmaydi. Qolaversa, O‘zbekistonda a’lo darajadagi futbolchilar ko‘p. Eng zo‘ri kim? Buni yaxshisi futbol ishqibozlari hal qilishsin.

- Siz kabi futbolchi Superligada sovrin yutishga haqli. Albatta, "So‘g‘diyona" bilan bunday imkoniyatga ega bo‘lishga harakat qilyapsiz. Balki chempionatdagi sovrinlar uchun kurashishingizda yetakchi klublardan biriga o‘tishingiz kerak emasmi?

- Aynan shuning uchun ham bu yerda yana 4 yil qolishga harakat qildim. Men optimistman va holatga real ko‘z bilan boqishga harakat qilaman. Jamoa bilan hech bo‘lmasa bitta sovrin yutishni istayman. Bu hozirgi kunda mening eng asosiy maqsadlarimdan biridir.

- 14-raqam ostida maydonga tushasiz. Bu siz uchun nimani anglatadi?

- Bolalikdagi sevimli futbolchim Terri Anri bo‘lgan. Aynan shuning uchun ham 14-raqamni tanlaganman.

- "So‘g‘diyona"ni sizsiz tasavvur qilish ancha murakkab. Bu yerda yana uzoq qolishni istaysizmi?

- Har qanday klub istalgan futbolchisiz ham yo‘lida davom etishi mumkin. Jamoadoshlarimsiz men bu yerda hamma bilgan o‘yinchi bo‘la olmasdim. Rostini aytaman, "So‘g‘diyona"da to‘p surish men uchun juda yoqimli. O‘z navbatida sheriklarim bu masalada menga yordam berishmoqda.

- Chempionatda qaysi himoyachilar sizga ko‘proq muammolar tug‘diradi?

- Uhhh... Hamma himoyachilar menga muammolar tug‘dira oladi. Lekin har biriga qarshi chora topish harakatida to‘p suraman.

- Shimoliy Makedoniya milliy uchun maydonga tushishda davom etyapsizmi yoki…

- Ha, albatta. Bundan keyin ham shu ruhda terma jamoa uchun o‘ynashda davom etishni istayman.

- Siz yurtimizdagi faoliyatingiz davomida OKMK darvozasiga ko‘proq gol urgansiz. O‘z statistikaingizni kuzatib borasizmi?

- Ha, albatta. Ammo bunday statistikani chempionatdagi boshqa jamoalarga qarshi uchrashuvlarda ham yaxshilashni istayman (kuladi).

Tegishli jamoalar va ligalar

  • So'g'diyona So'g'diyona
Yangi munozara

Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda

10+ izoh
Muhokamaga o‘tish

Izohlar Telegram’da ochiladi

Bugungi yangiliklar