Fransiyaning «Lill» klubi prezidenti Olivye Letang Liga 1ning 2-turidan o‘rin olgan «Pari Sen-Jermen»ga (2:2) qarshi uchrashuvdan keyin hakamlarni tanqid qilgani uchun olti oyga futbolga oid rasmiy faoliyatdan chetlatildi. Bu muddatning ikki oyi shartli hisoblanadi. Bu haqda L’Equipe nashri xabar berdi.
Bellashuv 28-avgust kuni bo‘lib o‘tgan. 16-sentabr kuni Fransiya Professional futbol ligasi (LFP) intizom qo‘mitasi Letangga 20 ming yevro miqdorida jarima solish bilan cheklangandi.
Biroq Fransiya futbol federatsiyasi (FFF) Ijroiya qo‘mitasi ushbu jazoni «haddan tashqari yengil» deb hisoblab, apellyatsiya berdi.
Apellyatsiya natijalariga ko‘ra, funksioner olti oy muddatga rasmiy faoliyatdan chetlatildi. Ushbu muddatning ikki oyi shartli jazo sifatida belgilandi. Avval tayinlangan 20 ming yevro jarima esa o‘z kuchida qoldirildi.
«Lill» prezidenti 6 oyga futboldan chetlatildi
Futbol
6 noyabr, 04:30
U «PSJ»ga qarshi o‘yindan keyin hakamlarni tanqid qilgandi.
Foto: Getty Images