«Koventri Siti» bosh murabbiyi Frenk Lempard Murabbiylar assotsiatsiyasi — LMA talqiniga ko‘ra yilning eng yaxshi murabbiyi deb topildi.
47 yoshli mutaxassis o‘tgan mavsum «Koventri» bilan Chempionship chempionligini qo‘lga kiritdi. Jamoa eng yaqin ta’qibchisidan 11 ochko oldinda finiш qildi va uzoq tanaffusdan keyin APLga qaytdi.
Mazkur muvaffaqiyat Lempardga hamkasblari ovozida g‘olib chiqish imkonini berdi. U ovoz berishda Mikel Arteta, Pep Gvardiola, Unai Emeri, Andoni Iraola, Kit Endryus, Maykl Skubala va Endi Vudmandan ustun keldi.
Qayd etilishicha, ushbu mukofot Aleks Fergyuson nomi bilan ataladi. Afsonaviy murabbiy sog‘lig‘i sabab marosimda qatnasha olmadi.
Mukofotni Lempardga Angliya milliy jamoasi bosh murabbiyi Tomas Tuxel topshirdi va Fergyusonning tabrig‘ini o‘qib eshittirdi.
«Sen va jamoang erishgan natijalardan faxrlanishing kerak. «Koventri»ning o‘yini sening murabbiy va yetakchi sifatidagi xarakteringni yaqqol ko‘rsatdi. Jamoa ishonch bilan o‘ynadi va ularni kuzatish maroqli bo‘ldi», — deyiladi Fergyuson maktubida.
Eslatib o‘tamiz, «Koventri» keyingi mavsumda ilk bor 2000/01-yilgi mavsumdan beri yana Premyer-ligada ishtirok etadi.