O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi yordamchisi Paolo Kannavaro Italiyaning «Julyano» klubini boshqarish taklifini rad etib, akasi Fabio Kannavaro bilan milliy jamoadagi faoliyatini davom ettirishga qaror qildi. Bu haqda TuttoMercatoWeb xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, «Julyano» klubi Raffaele Di Napoli iste’foga chiqarilganidan so‘ng 45 yoshli mutaxassisni asosiy nomzod sifatida ko‘rgan. Tomonlar 2027 yil iyun oyiga qadar mo‘ljallangan, uzaytirish imkoniyatini ham o‘z ichiga olgan shartnoma bo‘yicha og‘zaki kelishuvga erishgan. Biroq yakunda kelishuv amalga oshmagan.
Italiya ommaviy axborot vositalari ma’lumotiga ko‘ra, bunga to‘siqlardan biri Kannavarоning O‘zbekiston milliy jamoasi bilan amaldagi shartnomasi bo‘lgan. Italiyada mustaqil murabbiylik faoliyatiga qaytish uchun u o‘zbekistonliklar bilan shartnomani bekor qilish bo‘yicha kelishib olishi kerak edi. Yakunda mutaxassis kamida 2027 yilgi Osiyo kubogiga qadar milliy jamoada qolishga qaror qilgan.
Paolo Kannavaro O‘zbekiston milliy jamoasi murabbiylar shtabiga 2026 yil boshida qo‘shilgan. Italiya matbuoti uning jamoa bilan yanvar oyida Dubayda o‘tkazilgan yig‘in davomida ishlagani haqida xabar bergan. Mart oyida esa jurnalist Nikolo Skira uning murabbiylar shtabiga rasman kirganini ma’lum qilgan.
Ma’lumot o‘rnida, bunga qadar aka-uka Kannavarolar Xitoyning «Guanchjou» klubida, shuningdek, «Benevento» va «Udineze» jamoalarida birgalikda ishlagan. Avvalroq Fabio Kannavaro Meksika yoki MLS klublaridan birini boshqarishi mumkinligi ma’lum qilingandi.