«An Nasr» hujumchisi Joau Feliks «Barselona»ga qaytish variantini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Sport.es xabar berdi.
26 yoshli portugaliyalik futbolchi Yevropa futboliga qaytishni istamoqda. Uning asosiy maqsadi Chempionlar ligasida ishtirok etadigan jamoada to‘p tepish bo‘lib, Feliks «Barselona»ga erkin agent sifatida qaytishni orzu qilmoqda.
Manbaga ko‘ra, futbolchining manfaatlarini himoya qiluvchi agent Jorje Mendesh ehtimoliy transfer masalasida allaqachon «Barselona» vakillari bilan bog‘langan. Feliksning «An Nasr» bilan shartnomasi 2027-yil 30-iyungacha amal qiladi.
Mendeshning kataloniyaliklar bilan ishlash tajribasi ham transfer amalga oshishida muhim omil bo‘lishi mumkin. Agent avvalroq Joau Kanseluning «Al Hilol»dan «Barselona»ga o‘tishida ishtirok etgandi. Feliks ham Yevropaga qaytish uchun maoshini sezilarli darajada kamaytirishga tayyor ekani aytilmoqda.
Joau Feliks 2023/24-yilgi mavsumda «Atletiko»dan ijara asosida «Barselona» safida to‘p tepgan. U kataloniyaliklar tarkibida barcha turnirlarda 44 ta bahsda maydonga tushib, 10 ta gol va 6 ta golli uzatmaga mualliflik qilgan.
Ma’lumot uchun, ushbu mavsumda esa portugaliyalik hujumchi Saudiya Arabistoni chempionatida 6 ta bahsda 2 ta gol va 2 ta golli uzatmani qayd etgan.
Eslatib o‘tamiz, Feliks 2019-yildan 2024-yilgacha «Atletiko» Madrid futbolchisi bo‘lgan. U shuningdek «Chelsi» va «Barselona»da ijara asosida o‘ynagan.