Bugun
8
O'zbek

Jasur Yaxshiboyev: «Tushunmovchilik sababli yarim yil uyda qolib ketdim»

Eksklyuziv
15 iyul, 05:37
Tribuna.uz muxbiri «Lokomotiv» safiga kelib qo'shilgan futbolchi bilan suhbatlashdi.
Jasur Yaxshiboyev: «Tushunmovchilik sababli yarim yil uyda qolib ketdim»
Фото: Локомотив ПФК

«Lokomotiv» klubi yozgi transfer oynasi ochilishi zahoti seleksiyadagi samarasining amaldagi isbotini namoyish qilgan holda Jasur Yaxshiboyev tarkibga qo'shib olinganini e'lon qildi.

Oradan bir necha mavsum o'tgach, ushbu o'yinchi nihoyat yana chempionatimizga rasmiy qaytdi. Quyida Jasur bilan uyushtirilgan suhbatni o'qishingiz mumkin.

- «Temiryo'lchilar» taklifini qabul qilishingizni asosiy sababi nimada? Kim turtki bo'ldi?

- Hech kim turtki bo'lgani yo'q. Yil boshida ham ular bilan kelishgandim. O'rtada Qozog'iston varianti paydo bo'lgani uchun biz o'zaro kelishgan holatda shartnomani bekor qilgandik. Biroq Qozog'istonda o'xshamagani uchun yozda yana «Lokomotiv»ga qaytdim.

- Darhaqiqat, sizni Qozog'istonga ketganingizni eshitgandik, keyin esa rejalar o'zgarib ketganidan ham xabardor edik. U yerda aslida nima yuz bergandi?

- Moliyaviy tomonlama biroz kelishmovchilik bo'ldi. Klubga transfer taqiqi qo'yildi. Shu sababli «Ordabasi» bilan shartnoma tuza olmadik.

- O'tgan vaqt davomida o'yin amaliyotisiz qolganingiz kayfiyatingizga ham ta'sir qilgandir-a?

- Tushunmovchilik sababli yarim yil uyda qolib ketdim. Uyda ko'proq qoldim. Bu yoqimsiz bo'ldi.

- Sport formangizni ushlab turish qiyin bo'lmadi?

- Bir oydan beri asta-sekin sport formam joyiga tushib boryapti. Ungacha o'zim individual shug'ullanib yurdim.

- Sport formangizni yo'qotmabsiz-da...

- Albatta, yarim yil futbol o'ynamagandan keyin har qanday o'yinchida sport forma yo'qoladi. Mashg'ulot bilan o'yinlarni farqi bor-ku. O'nta mashg'ulot qilganingizdan bitta o'yin o'ynaganingiz yaxshi.

- «Lokomotiv»ga qaytganingizdan keyin sizda boshqacha ishtiyoq va kayfiyat sezilayotgandir...

- Bo'ldi, odam sog'inadi. Ishtiyoq yaxshi. Xudo xohlasa, harakat qilib, bu yog'iga o'zimni ko'rsatishga intilaman.

- «Loko» bilan o'z oldingizga qanday maqsadlar qo'yapsiz?

- Birinchi navbatda o'zimga, sport formamga kirib olish. Shu bois avvalo, sport formamga qaytishni va jamoaga yordam berishni xohlayman.

- Chempionatni kuzatayotgan bo'lsangiz, Superligamizni darajasini qanday baholayapsiz? Bilamizki, ligada rasmiy uchrashuvda o'ynamaganingizga ancha bo'ldi.

- Hozir biror narsa deya olmayman. Chunki Superligada o'ynaganimga 3-4 yil bo'ldi. Hozirga kelib, Superliga ham ancha kuchaygan. Ko'rib turibsiz, hamma tomonlama rivojlanish bo'lyapti. Futbolchilar ham, tashkiliy tomonlama ham ancha o'sdi. 17 iyul kuni «Paxtakor» bilan o'ynaymiz. Baribir ancha yaxshi va ligada o'sish sezilyapti. Barcha klublar deyarli teng o'yin ko'rsatyapti.

- «Lokomotiv»da qaysi raqamni tanladingiz?

- Hali aniq emas. Endi tanlaymiz.

- Klubda sizni qanday qarshi olishdi? E'tibor, sharoit qanaqa?

- Hammayoq yaxshi. Ajoyib kutib olishdi. 50 foiz futbolchilarni taniman, birga o'ynaganman.

- Adashmasam, bosh murabbiy Mirko Yelichich bilan ilk bor ishlayapsiz-a?

- U bilan birinchi marta ishlayapman. Ammo oldin terma jamoalarda, «Paxtakor»da ham ishlagan. Aynan men bo'lgan paytda faoliyat olib borgan. Shu bois bir-birimiz uchun biroz bo'lsa ham tanishmiz. U meni, men esa uni bilaman. Hozir yanada yaqinroq tanishayapmiz va hammayoq yaxshi.

- Bosh murabbiy bilan ilk suhbat qanday o'tdi va sizga qanchalik ishonch bildirayapti?

- Futbol taraflama tushuntirib boryapti, taktik uslublarni, o'yinlarda qanaqa harakat qilishimiz borasida maslahatlarini, ko'rsatmalarini berib boryapti.

Yangi munozara

Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda

35+ izoh
Muhokamaga o‘tish

Izohlar Telegram’da ochiladi

Bugungi yangiliklar