«Bornmut» bosh murabbiyi Andoni Iraola mavsum yakunida jamoani tark etadi.
Bu haqda klub rasmiy sayti orqali ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, mutaxassisning ketishi bilan uning «Bornmut»dagi uch yillik faoliyatiga yakun yasaladi.
Iraola jamoani 2023 yil 1 iyuldan buyon boshqarib kelayotgandi.
Uning amaldagi shartnomasi 2026 yil 30 iyungacha mo‘ljallangan.
Ispaniyalik mutaxassis o‘z bayonotida klubda ishlagan davridan mamnun ekanini ta’kidladi.
«Bornmut»ni boshqarish men uchun sharaf bo‘ldi. Birgalikda erishgan natijalarimizdan faxrlanaman.
Men bilan ishlagan futbolchilar va shtabga minnatdorman. Muxlislar esa doim fantastik qo‘llab-quvvatladi, buning uchun ulardan doimo minnatdor bo‘laman.
Menimcha, bu men uchun chetga chiqishning ayni vaqti. Ammo bu klub haqidagi ajoyib xotiralar doim men bilan qoladi», — dedi Iraola.
Ma’lumot uchun, Iraola qo‘l ostida «Bornmut» o‘tgan mavsum tarixidagi eng yaxshi natijalaridan birini qayd etib, 56 ochko bilan 9-o‘rinni egallagan edi.
Ushbu mavsum 32 turdan keyin «Bornmut» 45 ochko bilan APL turnir jadvalida 11-o‘rinda bormoqda.