«Inter» yarim himoyachi Hakon Chalhanoʻgʻli bilan shartnomani uzaytirish boʻyicha muzokaralarni davom ettirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Goal nashri xabar berdi.
Manbaga koʻra, tomonlar oʻrtasidagi muloqot yil boshida boshlangan, biroq keyinchalik muzokaralar toʻxtab qolgan. Shunga qaramay, turkiyalik 32 yoshli futbolchi shartnomani uzaytirish variantini istisno qilmayapti.
Qayd etilishicha, Hakon jamoadan kamida ikki yillik shartnoma talab qilmoqda. Shuningdek, futbolchi maoshini kamaytirishga ham rozi.
Biroq «Inter» rahbariyati 30 yoshdan oshgan futbolchilar bilan faqat qisqa muddatli — bir yillik shartnomalar imzolash kerak, deb hisoblamoqda.
Maʼlumot uchun, Chalhanoʻgʻlining klub bilan amaldagi shartnomasi 2027-yil yozigacha moʻljallangan.