FIFA prezidenti Janni Infantino 2024-yilda rasman e’lon qilingan maoshidan tashqari 1,76 million dollar olgan bo‘lishi mumkin. Bu haqda The Times xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, to‘lovlarni AQShda 2026-yilgi jahon chempionatini tashkil etish uchun tuzilgan FWC2026 US Inc. kompaniyasi amalga oshirgan. Uning soliq deklaratsiyasida ushbu summa qayd etilgan, ammo FIFA hisobotida aks etmagan.
Federatsiyaning yillik hisobotida Infantino 2024-yilda 4,274 million Shveysariya franki olgani ko‘rsatilgan. Qo‘shimcha mablag‘ning 626 ming dollardan ortig‘i Mayamidagi villa ijarasiga ajratilgan bo‘lishi mumkin.
FIFA bu ma’lumotni tasdiqlamagan va to‘lovlar hisobotga nega kiritilmaganini izohlamagan. Manbalarga ko‘ra, 2025 va 2026-yillarda ham shunga teng yoki ko‘proq mablag‘ to‘langan bo‘lishi mumkin.
Qayd etish lozim, FIFA 2016-yildan prezident va bosh kotib maoshini har yili e’lon qilish majburiyatini olgan. Avvalroq Infantinoning O‘zbekistonga kelgani ma’lum qilingandi.
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi