Madridning «Real» klubi yarimhimoyachisi Arda Guler jamoa bilan shartnomasini 2032 yilga qadar uzaytirgani haqida fikr bildirdi.
Turkiyalik 21 yoshli futbolchi o‘z taassurotlari bilan ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi orqali o‘rtoqlashdi.
«Sen yaratgan tarix va hali yaratiladigan tarix. Ilk bor «Real» futbolkasini kiyganimda, ulkan tarixning bir qismiga aylanganimni anglagandim. Bugun ham qalbimda xuddi shunday faxr va baxt hissi bor. Biroq endi zimmamda yanada katta mas’uliyat borligini his qilyapman.
Futbol tarixida o‘z nomini qoldirgan afsonalar izidan borish, dunyoning eng buyuk klubida to‘p surish men uchun katta sharaf. Orzuim — ushbu futbolkani yana ko‘p yillar davomida kiyish, jamoa bilan birgalikda yangi sovrinlarni qo‘lga kiritish va bir kun kelib nomimni bu betakror tarixga yozish.
Menga ilk kundanoq yordam berib kelayotgan barcha insonlarga minnatdorchilik bildiraman. Ayniqsa, klub prezidenti Florentino Peresga, oilamga, jamoadoshlarimga, birga ishlagan barcha murabbiylar va klub xodimlariga rahmat aytaman.
Albatta, dunyoning turli burchaklarida bizga doimo beqiyos qo‘llab-quvvatlash ko‘rsatayotgan barcha «madridistlar»ga alohida minnatdorchilik bildiraman. Oldimizda birgalikda o‘tadigan yana ko‘plab ajoyib kunlar bor, degan umiddaman!
Bu klubning bir qismi bo‘lib qolishdan juda xursandman», — deb yozdi Arda X ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.