Eron milliy jamoasi 2026 yilgi Jahon chempionatida ishtirok etish uchun Meksikaga yetib keldi.
The Athletic xabariga ko‘ra, jamoa a’zolari safar davomida pidjaklariga «#168» yozuvi tushirilgan maxsus nishonlarni taqib olgan.

Foto: independent.co.uk
Qayd etilishicha, ushbu raqam 28 fevral kuni Minab shahridagi boshlang‘ich maktabga uyushtirilgan hujum oqibatida halok bo‘lgan 168 kishini anglatadi. Xabarlarga ko‘ra, qurbonlarning aksariyatini bolalar tashkil etgan.
Manbada aytilishicha, Eron delegatsiyasi Antaliyadan Meksikaga jo‘nab ketayotgan paytda futbolchilarda ushbu nishonlar bo‘lmagan. Biroq ular parvoz davomida va samolyot Ispaniyada texnik to‘xtash qilgan vaqtida ko‘ringan.
Shuningdek, Eron milliy jamoasi futbolchilari mart oyida Nigeriyaga qarshi o‘rtoqlik bahsi oldidan davlat madhiyasi yangrayotgan paytda maktab sumkalarini ushlab turgani, Kosta-Rikaga qarshi o‘yin oldidan esa halok bo‘lgan insonlar hamda zarar ko‘rgan sport va madaniy obyektlar suratlarini namoyish etgani qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, FIFA reglamentiga ko‘ra stadion hududida siyosiy, diniy yoki shaxsiy mazmundagi shior va tasvirlarni namoyish etish taqiqlanadi. Biroq stadion tashqarisidagi shunday harakatlar bo‘yicha aniq qoidalar mavjud emas.
Ma’lumot uchun, Eron milliy jamoasi 2026 yilgi Jahon chempionatining G guruhidan joy olgan bo‘lib, Belgiya, Misr va Yangi Zelandiya milliy jamoalariga qarshi bahs olib boradi.

Foto: independent.co.uk