"Andijon" klubi ayni paytda Belarus poytaxti Minsk shahrida yozgi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazib kelmoqda. Ushbu tayyorgarlik jarayonlarida darvozabon Eldor Adhamov ham faol va jamoadoshlari singari katta ishtiyoq bilan mehnat qilmoqda.
U mazkur o‘tkazilayotgan yig‘in borasidagi savollarga javob qaytardi.
- Eldor, jamoa bilan Minskdagi yig‘inda bevosita ishtirok etyapsiz. Bu yerdagi tayyorgarlik jarayoni haqida to‘xtalib o‘tsangiz?
- Mashg‘ulotlarimiz kuchayib boryapti. Xordiqdan keyin yanada kuchli sparring-raqiblar bilan o‘ynaymiz. Barchada kayfiyat a’lo darajada va yuqori ishtiyoq bilan ishlayapmiz. Ushbu yig‘inimiz albatta chempionat mobaynida o‘zining foydasini beradi.
- Bunday yozgi yig‘indagi asosiy e’tibor nimada, deb o‘ylaysiz?
- Mavjud tanaffusdan keyin yig‘inga kirishganmiz va asosiy e’tibor sport formamizni yaxshilab, ortda qolgan uchrashuvlardagi xatolar ustida ishlash hamda o‘yinimizni bundan-da mukammal holatga keltirishdan iborat.
- Darvozabon yarim jamoa deb bejizga aytilmaydi. Aynan posbonlar uchun bunday yig‘inda ko‘proq nimani ustida ishlash muhim?
- Darvozabonlar ham o‘z xato va kamchiliklarini bilgan holda bunday yig‘inlar mobaynida ularni maksimal tuzatib, chempionatning qolgan qismiga har bir futbolchi kabi mukammal tarzda yetib borishi ayni muddaodir.
- Keyingi o‘yin 18 iyul kuni bo‘lib o‘tadi. Ushbu vaqtga qadar sport formani ushlab turish juda muhim. Bu borada nima deya olasiz?
- Xudo xohlasa, 18 iyulgacha maksimal sport forma kirib olamiz. Ungacha yetarlicha vaqtimiz hamda yetarlicha mashg‘ulotlarimiz bor. Orada o‘tkaziladigan o‘rtoqlik uchrashuvlari ham albatta foydali bo‘ladi.
Eldor Adhamov: "Belarusdagi yig‘inimiz albatta chempionat mobaynida o‘zining foydasini beradi"
Futbol
29 iyun, 06:52
"Andijon" hozirda Minskda o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlarini o‘tkazmoqda.
Фото: Андижон ПФК