Samarqandning «Dinamo» klubi yozgi yig'inga tayyorgarlik ko'rmoqda. Tarkibida esa ayrim o'zgarishlar yuz beryapti.
Yaqinda jamoaning sobiq futbolchisi – serbiyalik yarimhimoyachi Marko Stanoevich «Dinamo»ga qaytdi.
Legioner o'yinchi hozirda yana bor e'tiborini «Dinamo»ga qaratgan. Mahalliy ishqibozlar ham uning qaytganidan mamnunlar.
Futbolchi esa Tribuna.uz nashriga quyidagicha intervyu berdi.
- Marko, yana «Dinamo»ga qaytdingiz, bu kimdan chiqqan tashabbus?
- Bu jamoaga jon deb qaytdim. «Dinamo»dagilarga bildirgan ishonchlari uchun rahmat aytaman. Ayniqsa, Vadim Abramovdan minnatdorman. Qaytishimning asosiy sababchisi ham u kishi bo'ldi. Shuningdek, meni qo'llab-quvvatlagan muxlislarga ham rahmat.
- «Dinamo»dan ketgach, Serbiyada o'ynadingiz. U yerdagi faoliyatingiz qanday bo'ldi?
- Ha, shunday. Qishda uyga qaytdim, «Dinamo» bilan aloqani ushlab turdim. O'tgan vaqt davomida mashg'ulotni to'xtatmadim. Ma'lum vaqt Serbiyada to'p tepib turdim. Oilam bilan birga bo'lib turish men uchun yaxshi bo'ladi, deb hisobladim. Boshqa takliflar ham bor edi, lekin uyda qolishni ma'qul topdim.
- Yana «Dinamo» a'zosiga aylanganingizga qanday ta'rif berasiz?
- Men uchun bildirilgan ishonch juda muhim ahamiyat kasb etadi. O'z navbatida bunga bor kuchim bilan jamoaga yordam berish orqali javob berish asosiy maqsadimdir!
- Qaytish siz uchun nimani anglatadi?
- Bu haqda gapirishni xohlamagan bo'lardim. Chunki bizda hammasi yuz foizga yaxshi bo'lishiga ishonaman. Vazifam - yaxshi o'yin ko'rsatgan holda klubga imkon qadar yordam berishdan iborat.
- Aytishlaricha, «Dinamo»da moliyaviy muammolar bor. Bu hol ortga qaytishingizga to'sqinlik qilmadimi?
- Menda futbol o'ynash, jamoaga yordam berish uchun katta ishtiyoq bor. Boshqa masalalarni o'ylashni istamagan bo'lardim. O'zimni yaxshi his qilar ekanman, faoliyatimni yakunlash haqida o'ylashni istamayman.
- «Dinamo»ni faoliyatingizdagi oxirgi klub deb hisoblash mumkinmi?
- Shunday bo'lib qolishini istagan bo'lardim. Boya o'zimga bildirilgan ishonch xususida bejiz to'xtalmadim. Shu holat davom etar ekan, klub uchun borimni berib o'ynashga tayyorman!
- Nechanchi raqamni tanlamoqchisiz?
- Agar iloji bo'lsa, o'zim o'ynagan 88-raqamni tanlamoqchiman. Mabodo, band bo'lsa, u holda boshqa raqamni tanlashdan boshqa choram qolmaydi.
Marko Stanoevich: «Dinamo»ga jon deb qaytdim, jamoaga yordam berish uchun menda katta ishtiyoq bor»
Futbol
29 iyun, 06:05
Futbolchi esa Tribuna.uz nashriga quyidagicha intervyu berdi.
Фото: Динамо ПФК