Bugun
5
O'zbek

Ja'far Irismetov: «Ko'proq individual mahoratga tayanib o'ynadik, Kannavaroni imzosi ko'rinmadi»

Eksklyuziv
29 iyun, 07:49
Irismetov Tribuna.uz nashriga milliy jamoaning mundialdagi qatnashuvi bo'yicha savollarga javob berdi.
Izzatbek Abduvakhobov
Izzatbek Abduvakhobov Editor
Ja'far Irismetov: «Ko'proq individual mahoratga tayanib o'ynadik, Kannavaroni imzosi ko'rinmadi»
Фото: Tribuna.uz

O'zbekiston milliy jamoamiz bugun jahon chempionati guruh bosqichidagi so'nggi o'yinini ham o'tkazdi. Afsuski, Kongo DR jamoasiga qarshi bahsni ham boy berdik – 1:3.

Endi vakillarimiz ortga qaytishadi. Har qanday holatda ham milliy jamoamizga minnatdorlik bildirib qolamiz. Chunki u yerdagi ishtirok mobaynida yurtimizni dunyoga yanada tanitishdi, muxlislarimiz o'zbek mentalitetini keng targ'ib qildilar.

Muvaffaqiyatsizlik sababi esa albatta o'rganiladi. O'yin va salbiy natijalar borasida tabiiyki, har kim o'z fikrini bildirish mumkin. Futbolimiz jamoatchiligida ham bu borada o'ziga yarasha munosabat shakllangan.
Futbolimizning taniqli shaxslaridan biri Ja'far Irismetov Tribuna.uz nashriga milliy jamoamizning mundialdagi qatnashuvi bo'yicha savollarga javob berdi.

- Ja'far aka, afsuski oxirgi o'yinda ham yutqazdik. Kongoga qarshi o'yin borasida nimalarni ayta olasiz?

- Ha, afsus yutqazdik. 5-10 daqiqa davomida uchrashuvni yaxshi boshlagandik. Keyin bilmadim, nima o'zgarib qoldi? Kongoni kuchsiz emasligini oldindan ham bilgan edik. Muxlislar ko'p narsa xohlashadi. Lekin ular ko'pincha real baholay olmaydilar. Kongo ham kuchli raqib edi. Garchi Kolumbiya va Portugaliya darajasida bo'lmasa ham yaxshi jamoaligi ma'lum edi. 7:0, 8:0 ga yutamiz, degan optimistik fikrlar bo'ldi. Ha, hammamiz O'zbekiston uchun ishondik, muxlislik qildik. Nima ham deymiz? Hozirgi darajamiz shu bo'lsa kerak, deb o'ylayman. Lekin bu birinchi jahon chempionatimiz. Ko'rdik, bildik, xatolarni ustida ishlab, keyingi chempionatlarga tayyorlanish kerak. Oldimizda Osiyo Kubogi bor.

- Abduvohid Ne'matovni yana darvozada turishini ko'rib hayron bo'lmadingizmi? Afsus, u jamoaga yordam bera olmadi. Qanday baholaysiz?

- To'g'ri, albatta, Abduvohid Ne'matovni ko'rib hayron bo'ldim. Chunki Portugaliya bilan o'yinda ko'p xatolar qilgandi. Bu mening fikrim. Yaqqol xatolar emas-ku, biroq qaytarsa bo'ladigan zarbalar ham darvozamizga kirib ketgandi. Kannavaro mundialda hammaga o'yin amaliyoti beraman deb aytgandi. So'nggi uchrashuvda Botirali Ergashev maydonga tushsa kerak, degan fikrlar ham bo'ldi. Bizda birinchi raqamli posbon O'tkir Yusupov. Ushbu o'yinda Yusupov bizga qanchalik kerak edi, bilmadim. Ikkinchi uchrashuvda O'tkir darvozaga turgani ma'quroq edi.

Aytganimdek, bu mening fikrim. Ne'matovni O'zbekiston chempionatidagi yaxshi darvozabonlardan biri deb hisoblayman. Ammo ikkita o'yinda yordam berdi, deya olmayman. Yaqqol kuchli seyvlar ko'rganim yo'q. Buni hamma payqadi. Ammo u yaxshi posbon. Kelajakda milliy jamoaga yordam beradi, deb o'ylayman.

- Guruhdagi uchta o'yinimizga qanday ta'rif berasiz?

- Guruhdagi uchta uchrashuvimizga qanaqa ta'rif bera olaman? Faqat ko'proq individual mahoratga tayanib o'ynadik. Murabbiyni qanaqadir imzosi ko'rinmadi. Beshta himoyachi bilan o'ynashni boshladik. Ikkinchi o'yindagi xatolardan bittasi Eronda o'ynagan o'yinchilarimizni tayyor emasligi ko'rinib qoldi. Shunga qaramay, ulardan foydalanganligimi, deb o'ylanib qoldim. Ushbu futbolchilarimizni kuchligiga shubhamiz yo'q. Lekin Eron chempionati to'xtatilganidan yigitlarni hali sport formasida emasligi ko'zga tashlanib qoldi. Murabbiy mashg'ulotlar jarayonida ko'rib, bilib turib maydonga tushiradi. Shuning uchun biz ichini bilmay turib biror narsa deyishimiz qiyinroq.

- Sizga milliy jamoamizni mundialdagi ishtirokida yoqqan va yoqmagan narsalar nimada bo'ldi?

- Yoqqani ishtirok etdik. Birinchi tarixiy golni urdik. Vaziatlar bilan yaxshi o'ynadik. Imkoniyatlar bo'ldi, masalan Kolumbiya bilan ikkinchi taym oxirlarida. O'zbekiston yomon o'ynamadi. Yaxshi o'ynagan joyimiz ham bo'ldi. Biroq bu qisqa vaqtdagi o'yin davomida yuz berdi. Misol uchun, Kongoga qarshi birinchi taym boshlarida yaxshi harakat qildik. Ikkinchi bo'limda nimagadir hisobni ushlab qolishni boshladik.

Yoqmagan joylari shu. Yana bir yoqmagan joyi murabbiyini o'yinchilarni tanlay bilmagani, o'yinga moslab futbolchilarni tanlay olmagani bo'lsa kerak. Taktikaga o'zgartirish kerakmidi?! Yana bilmadim. Ayitib o'tganimdek, murabbiy jamoani ichidagi holatni bilib turib, tarkib tanlagan. Tanqid qilishimiz noto'g'ri bo'lsa kerak. Baribir murabbiyini ham eshitishimiz kerak. Mundial hisobotini beradi-ku, shunda bilamizda. O'tkir Yusupovda jarohat bormi, nimaga darvozaga turmadi, buni ham bilmaymiz. Hammasiga bosh murabbiy o'zi javob bersa kerak.

- Fabio Kannavaro va futbolchilar katta tajriba bo'lganini aytishyapti. Kolumbiya va Portugaliyani tushunsa bo'ladi. Kongo bilan bahsda aynan qanday tajriba oldik, deb o'ylaysiz?

- To'g'ri aytasiz, yigitlar Kolumbiya hamda Portugaliyadan ancha tajriba oldi. Mundialdagi ilk qatnashishimiz, shuncha muxlislar, mundialni tashkilotchiligi ham kuchli bo'ladi. Yigitlarimiz hali bunday tempda o'ynamagan. Birinchi turda hayajon ham bo'ldi. Dastlabki ikkita o'yindan ko'p narsa o'rganish mumkin va menimcha, Kongodan ham o'rganish mumkin. Bu raqib kuchli tarafidan foydalangan ketdi. Futbolchilari tezkor ekan. Bizning futbol kuchsiz emas. Nasib qilsa, keyingilarida yaxshi o'ynaymiz. Oldimizda Osiyo Kubogi bor. Yaxshi tayyorgarlik ko'rish va buni unutish kerak.

- Albatta, ilk bor mundialda o'ynaganimiz tarixiy onlar bo'ldi. Ammo jahon sahnasidagi barcha uchrashuvda mag'lub bo'lish - bu milliy jamoamizga nisbatan jahon futboli jamoatchiligining salbiy fikrlarini shakllantirmasmi?

- Jahon chempionatida ilk bor qatnashganimiz yaxshi. Bu salbiy ta'sir ko'rsatmaydi, deb o'ylayman. Hammasi vaqt o'tgan sari esdan chiqadi. Keyingi turnirlarga tayyorlanish lozim. Bizni kuchsiz emsligimizni hamma tan oldi. Bizdagilar yomon futbolchilar emas. Faqat ularni o'ynatish kerak edi-da. Balki Kannavaroga vaqt yetmagandir, balki hali mentalitetimizni yaxshi bilmas. Barchasi vaqti soati bilan joy-joyiga tushib ketadi. Qaytanga mundialda qatnashganimiz bizga katta plyus bo'ldi. Nasib qilsa, keyingi jahon chempionatiga ham chiqamiz.

- Uchta o'yinda to'plar nisbati 2—11. Buni nima deb atagan bo'lardingiz?

- Ha, bu juda achinarli holat. Boz ustiga biz himoyaviy o'ynadik. Asosan barcha uchrashuvlarda 5 ta himoyachi bilan harakatlandik. Plyus Fabio Kannavaroni o'zi himoyachi bo'lganini hisobga olsak, bu ko'rsatkich achinarli. Chunki 3 ta o'yinda 11 ta to'p olib chiqish juda ko'p. Tahlil qilishadi, ko'p xatolar bo'ldi. Har bir o'tkazilgan gol hatodan kelib chiqadi. Himoyaviy o'yin uchun juda ko'p o'tkazib yubordik.

- Mundialda eng zo'r o'ynagan futbolchimiz kim bo'ldi, siz uchun?

- Kimnidir yaxshi yoki yomon o'ynadi, deya olmayman. Yigitlar imkon qadar harakat qilishdi. Vatan uchun hamma yaxshi o'ynadi. Kimnidir aybdor yoki zo'r deyishimiz noto'g'ri. Barcha maksimal darajada kurashdi. Har qanday vaziyatda ham futbolchilarga rahmat. Boz ustiga o'zingiz ham bilasiz, u yerda katta masofalarga parvozlar bo'ldi, charchashgan. Ko'p vaqt davomida oilasini ko'rishmadi. Shu bois ularni ajratmayman. Barcha vatan uchun jonini berib o'ynadi.

Bugungi yangiliklar