Daniya futbol assotsiatsiyasi Kristian Eriksenning sog'lig'iga hech qanday xavf yo'qligini ma'lum qildi.
«Volfsburg» yarimhimoyachisi Ukrainaga qarshi o'rtoqlik bahsining ikkinchi bo'limida maydonga yiqilib tushdi. Unga uzoq vaqt davomida maydonning o'zida tibbiy yordam ko'rsatildi. Eriksen keyinchalik o'rnidan tura oldi va tomoshabinlar qarsaklari ostida rafiqasi hamrohligida maydonni tark etgan. O'yin esa to'liq yakunlanmadi.
«Eriksen hushida va o'zini yaxshi his qilmoqda. Bahs bekor qilindi», — deyiladi DBU bayonotida.
Shifokor Morten Boesenning so'zlariga ko'ra, Kristian qisqa vaqtga hushi ketgan, ammo tezda o'ziga qaytgan. Uning aytishicha, 34 yoshli futbolchiga tezkor yordam ko'rsatilgan va endi u shifoxonada qo'shimcha tekshiruvdan o'tadi.
Eslatib o'tamiz, 2021 yilda Eriksen Yevro-2020 doirasida Finlandiyaga qarshi uchrashuvda yurak xurujiga duch kelgan va keyinchalik unga yurak ritmini nazorat qiluvchi defibrillyator o'rnatilgan.
Daniya FA Eriksenning holati haqida ma'lumot berdi
Futbol
7 iyun, 18:25
34 yoshli yarimhimoyachi Ukraina bilan o'yinda hushini yo'qotib, maydonga yiqildi.
Foto: Getty Images