UFC prezidenti Dana Uayt Entoni Joshua va Tayson Fyuri o‘rtasidagi boks jangini tashkil etishda bevosita ishtirok etishini ma’lum qildi.
Uaytning ta’kidlashicha, u nafaqat jangni tashkil etish, balki uning promousheni va o‘tkazilishi bilan bog‘liq jarayonlarda ham qatnashadi.
«Bu jangni tashkil etish bilan shug‘ullanishim — aniq fakt. Ko‘rinishidan, Eddi Hirnni juda katta sud da’vosi kutmoqda…
Men jangning prodyuseri bo‘laman, uni targ‘ib qilaman va shaxsan ishtirok etaman. Shundan so‘ng darhol Las-Vegasga, UFC turniriga qaytib ketaman», — dedi Uayt.
Ma’lumot o‘rnida, Entoni Joshua professional boksda 34 ta jang o‘tkazib, 30 ta g‘alaba qozongan va 4 marta mag‘lub bo‘lgan. Uning 27 ta g‘alabasi nokaut bilan yakunlangan.
Tayson Fyuri esa 38 ta jangda 35 marta g‘alaba qozongan, 2 bor mag‘lubiyatga uchragan va 1 marta bahsni durang bilan yakunlagan. Uning hisobida 24 ta nokaut mavjud.
Ikki britaniyalik og‘ir vazn yulduzi o‘rtasidagi jang 11 dekabr kuni Uels poytaxti Kardiff shahrida bo‘lib o‘tadi.