«Chelsi» klubi rahbariyatdagi o‘zgarishlar fonida o‘zining rasmiy saytida bayonot e’lon qildi. Avvalroq amerikalik biznesmen Todd Bouli klub direktorlar kengashi raisi lavozimini tark etgandi.
Klubda ushbu o‘zgarish «Chelsi» tarixidagi yangi bosqichning boshlanishi ekani ta’kidlandi. Shuningdek, rahbariyat klub rivojiga hissa qo‘shgan hamkorlarga minnatdorlik bildirdi.
«Bizning maqsadimiz aniq: eng yuqori darajada raqobatlashish, yirik sovrinlarni qo‘lga kiritish va barqaror muvaffaqiyatga erishish», — deyiladi bayonotda.
«Chelsi» rahbariyati muxlislarni klubning eng muhim qismi sifatida qayd etdi. Shuningdek, jamoa kelajakda ham muxlislarning fikrlarini tinglashga va ular faxrlanadigan klubni qurishga intilishini bildirdi.
«Maydondagi muvaffaqiyat har doim bizning asosiy ustuvor vazifamiz bo‘ladi. Bu Premyer-liga va boshqa yirik turnirlarda g‘alaba uchun kurashish, shuningdek, jamoaga muntazam sarmoya kiritish imkonini beradigan tijoriy salohiyatni mustahkamlashni anglatadi», — deyiladi klub bayonotida.
«Chelsi» kelajakdagi infratuzilma uchun ham uzoq muddatli investitsiyalar amalga oshirilishini ma’lum qildi.