Amerikalik biznesmen Todd Bouli «Chelsi» direktorlar kengashi raisi lavozimini tark etdi. Bu haqda London klubi rasmiy sayti xabar berdi.
«Chelsi» futbol klubi direktorlar kengashi raisi bo‘lish men uchun sharaf edi. Klubning yorqin kelajagini ta’minlashga yordam bergan barchaga, jumladan, APL, murabbiylar shtabi va futbolchilar, «Chelsi» rahbariyati va xodimlari, shuningdek, ko‘p sonli sodiq muxlislarga minnatdorlik bildiraman.
Clearlake va boshqa mulkdorlar bilan hamkorligimni, shuningdek, klubning hozirgi va uzoq muddatli muvaffaqiyatlarini ta’minlash uchun birgalikda qabul qilgan qarorlarimiz va kiritgan sarmoyalarimizni qadrlayman.
Clearlake boshqaruvi ostida «Chelsi» kelgusidagi muvaffaqiyatlarga yaxshi tayyorlanganiga ishonaman», — dedi Bouli.
Ma’lum qilinishicha, Clearlake Capital Group’ga aloqador tuzilmalar Boulining «Chelsi»dagi ulushini sotib oladi. Hansyorg Viss klubning muhim aksiyadori va hamkorlaridan biri bo‘lib qoladi.
Shuningdek, Clearlake Mark Uolterga tegishli ulushni ham xarid qilib, «Chelsi» ustidan to‘liq nazoratni qo‘lga kiritadi.
Eslatib o‘tamiz, 2022-yilda Roman Abramovich «Chelsi»ni Todd Bouli boshchiligidagi konsorsiumga sotgandi. Avvalroq Yorrel Hato Bouli davridagi 50-transferga aylangani ma’lum qilingandi.
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi