Madridning «Atletiko» klubi yarimhimoyachisi Pablo Barrios Yevropaning bir qancha yetakchi klublari e’tiborida. Bu haqda insayder Ekrem Konur o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi orqali xabar berdi.
Londonning «Chelsi» klubi ispaniyalik futbolchini o‘z safiga qo‘shib olishga qiziqish bildirmoqda. Avvalroq parijliklar Luis Enrike tashabbusi bilan futbolchini sotib olishi mumkinligi xabar qilingan edi.
Ma’lum bo‘lishicha, «aristokratlar» Barrios transferi uchun 100 million yevrolik taklif tayyorlamoqda.
Shuningdek, «Liverpul» va «Arsenal» Pablo faoliyatini kuzatib bormoqda.
Eslatib o‘tamiz, 23 yoshli markaziy yarimhimoyachi 2023-yilning yanvaridan buyon «matraschilar» safida to‘p tepmoqda. Uning amaldagi shartnomasi 2030-yil iyun oyi oxirigacha mo‘ljallangan.