Live
5
O'zbek

“Borimni berdim. Beradigan boshqa narsam qolmadi” — Messining xayrlashuv maktubi

Futbol
31 avgust, 11:43
39 yoshli hujumchi Argentina milliy jamoasidan ketish qarorini taʼsirli gaplar orqali maʼlum qildi.
“Borimni berdim. Beradigan boshqa narsam qolmadi” — Messining xayrlashuv maktubi
Foto: Getty Images

Lionel Messi Argentina milliy jamoasidagi faoliyatini yakunlashini quyidagi bayonot orqali maʼlum qildi.

“Finaldan keyin oʻtgan shu vaqt davomida koʻp oʻyladim va barchaga shuni aytmoqchimanki, milliy jamoani tark etyapman.

Bu qaror meni qiynadi va hamon ich-ichimdan ogʻriq bermoqda. Ammo buning uchun toʻgʻri vaqt kelganini tushunyapman.

Qasam ichib aytaman, men doimo borimni berdim. Faqat soʻnggi yillarda, hamma sovrinlarni qoʻlga kiritganimizda emas, undan oldin ham shunday qildim. Har doim kurashdim va sizlarga baxt ulashish, futbol orqali argentinalik ekaningizdan faxrlanishingiz uchun, ushbu libos uchun borimni berdim.

Oz vaqt qoldi va turli boblar oʻz nihoyasiga yetmoqda. Bu bob menga juda qattiq ogʻriq beryapti. Men milliy jamoa tarkibida boʻlishni sevaman, sevardim va doimo shundan boʻlgan. Borimni berdim va endi beradigan boshqa narsam qolmadi.

Bundan tashqari, bu yerda milliy jamoada boʻlishga loyiq boʻlgan ajoyib yosh futbolchilar paydo boʻlmoqda.

20 yil davomida bergan barcha mehringiz uchun rahmat. Endi sizlarni maydon ichidan turib eshitishni sogʻinaman. Endi men ham sizlardan biringiz boʻlaman va tashqaridan doimoʼ qoʻllab-quvvatlayman — yaxshi paytlarda ham, ayniqsa, qiyin kunlarda ham.

Oilamga har doim yonimda boʻlgani va mana shu goʻzal, ammo mashaqqatli yoʻlda meni qoʻllab-quvvatlagani uchun rahmat. Bu yoʻlni birga bosib oʻtish nasib qilgan har bir murabbiy, jamoadosh va rahbarga rahmat. Oʻzim bilan unutilmas xotiralar va lahzalarni olib ketyapman.

Men xotirjam va faxr bilan ketyapman. Jamoadoshlarim bilan birga sizlarga bir vaqtlar orzu qilganimizdek lahzalarni taqdim etganimizni bilaman. Bularning barchasini sizlar bilan birga boshdan kechirish aqlbovar qilmas darajada ajoyib edi. Men sizlarni sevaman!

Meni argentinalik qilib yaratganing uchun, Xudo, Senga rahmat... Olgʻa, Argentina!

Men bu soʻzlarni 21 iyul kuni, finaldan ikki kun oʻtib yozgandim. Bugun esa otam bilan sodir boʻlgan voqeadan soʻng bu qarorimga avvalgidan ham koʻproq ishonchim komil
”, — deya yozgan maktubini ulashdi 39 yoshli forvard instagramdagi sahifasida.

Messining xayrlashuv maktubi
Foto: Messining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasidan

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Argentina Argentina
Yangi munozara

Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda

45+ izoh +5 ta yangi
Muhokamaga o‘tish

Izohlar Telegram’da ochiladi

Bugungi yangiliklar