Bugun
20
O'zbek

«Mundialdan keyin motivatsiyam yanada oshdi» — Behruz Karimov

Eksklyuziv
31 avgust, 07:32
Tribuna.uz jurnalisti Behruz Karimov bilan bog‘landi va intervyu oldi.
«Mundialdan keyin motivatsiyam yanada oshdi» — Behruz Karimov
Фото: Getty Images

Jahon chempionati milliy jamoamiz sharafini himoya qilgan va kashfiyot futbolchi sifatida e’tirof etilgan 19 yoshli qanot himoyachisi Behruz Karimov yaqinda Shveysariyaning «Lugano» klubiga transfer qilinganini yaxshi bilasiz.

Hamyurtimiz yangi jamoasi tarkibida ikkita uchrashuvda maydonga tushishga ham ulgurdi. Uning uchun barchasi yaxshi boshlandi va shunday davom etishini tilaymiz. Tribuna.uz jurnalisti Behruz Karimov bilan bog‘landi va intervyu oldi.

- Behruz, Shveysariyadagi hayotingiz ham boshlandi. Dastblaki ko‘nikish va moslashish jarayoni qanday o‘tmoqda?


- Shveysariyada moslashish juda yaxshi bo‘lyapti. Bu yerda asosan biroz til bilan muammo bor. Bu yerda ko‘proq italyan tilida gaplashishadi. Men esa bu tilda muloqot qilishga biroz qiynalaman. Shu sababli ularga oldindan aytib qo‘yganmanki, men bilan ingliz tilida gapirishadi. Chunki ingliz tilini biroz bilganim uchun ushbu tilda gaplashyapmiz.

- «Lugano»dagi debyutingiz xalqaro darajadagi o‘yinga to‘g‘ri keldi va muvaffaqiyatli o‘tdi. Debyut o‘yiningiz qanday o‘tdi, mundialdagi ilk o‘yiningiz kabi hayajon sezildimi?

- Haqiqatan «Lugano»dagi debyutim juda muhim bo‘ldi. «Makkabi»ga qarshi o‘ynadik. Baribir hayajon bo‘ldi. Chunki butun jamoa bilan mas’uliyatni his qilib turgandik. Maqsad Konferensiya ligasiga chiqish edi. Ko‘proq menda hayajon sezildi. Negaki, «Lugano» shuncha harakat qilib, ushbu joygacha yetib kelgandi. Klub ushbu hal qiluvchi bosqiga yetib kelganida men ulardan-da, ko‘proq harakat qildim. Hayajon jahon chempionati darajasidagi kabi desa ham bo‘ladi. Chunki ularni mehnati ko‘z oldimga keldi. Shuning uchun hajon sezildi.

- Nima uchun «Lugano»ni tanladingiz?

- Menga kelgan variantlarni hammasini ko‘rib chiqdim. Shveysariya chempionati kuchliroq va Yevropa eshiklari ochiq bo‘lgani uchun «Lugano»ni tanladim. Qolaversa, bu yerda o‘yin amaliyoti hamda o‘zimga bo‘lgan ishonchni kuchaytirish ushbu jamoani tanladim.

- Safarga ketishingizdan avval ustozlaringizga 5000 dollardan mukofot berib, ularni duosini olibsiz. Bu tashabbus kimdan chiqdi?


- Bu tashabbusni ancha oldin o‘ylagandik. Agentim bilan maslahatlashgan holda ular bilan o‘tirish qilib, duosini olishni istadik. Agentim bilan gaplashdik va rozi bo‘lgan holda keyin shu ishga qo‘l urdik.

- Behruz, shu yoshingizda jahon chempionatiga bordingiz, o‘ynadingiz va bugun Yevropadasiz. Hammasi juda tez va bu siz uchun xuddi tush kabi tuyulmayaptimi?

- Mundialdan keyin yanada ko‘proq motivatsiya oldim. Chunki katta tajriba bo‘ldi. Bu tajribalarni ishlatish maqsadida yana ko‘proq o‘yin amaliyoti hamda o‘zimga bo‘lgan ishonch jahon chempionatidan keyin yanada ko‘proq bo‘ldi.

- Jahon chempionatidan nima o‘rgandingiz?

- Jahon chempionatidan ko‘p narsa o‘rgandim. Katta futbolda qanaqa o‘ynash kerak, jahon miqyosidagi o‘yinchilar qanaqa, ulardan qanday o‘rnaklar oldim? Hammasini o‘rgandik va katta tajriba oldim.

- Klubda sizga eng ko‘p yoqayotgan narsa nima?

- Klubimda eng yoqqan narsa – menga bo‘lgan munosabat bo‘ldi. Bu birinchi o‘rinda. Kelishim bilan meni zo‘r munosabatda kutib olishdi. Bu menga juda yoqdi. Hamma bilan yaxshi chiqishib oldim. Klubdagilar meni ko‘proq qo‘llab-quvvatlashyapti. Ularni tilini yaxshi tushunmasligim uchun men ko‘proq o‘rganib, o‘z maslahatlarini berishyapti va har jihatdan qo‘llab-quvvatlashmoqda.

- Kannavaro sizni kashf qildi. «Lugano»ga o‘tishdan avval u bilan ham maslahatlashdingizmi?

- Shaxsan agentlarim maslahatlashgan, o‘zim gaplashmadim. «Lugano»ga o‘tishim hal bo‘lganidan keyin Kannavaro bilan ham gaplashdim. Menga savol berdi: nimaga haligacha ketmading dedi. Viza kutayotganimizni aytdim va u «Lugano» yaxshi jamoa ekanini, tezroq qo‘shilishim kerakligini aytdi.

- Shuningdek, siz Shveysariya chempionatida «Lugano» safida «Son»ga qarshi maydonga tushdingiz va g‘alaba qozondinglar. Bu o‘yin qanday o‘tdi?

- Oxirgi o‘yinni «Son»ga qarshi o‘tkazdik. Kuchli jamoa edi. Men maydonga tushganda hisob 1:1 edi. Gol urish maqsadida, jamoamga foydam tegishini istab maydonga tushdim. Tushishim bilan ikkinchi golni urdik. Keyin natijani ushlab qolish uchun himoyaga e’tibor qaratdik va Xudoga shukrki, hisobni saqlab qoldik. 4 ta uchrashuvda mag‘lubiyatsiz va birinchi o‘rinda ketyapmiz. Xudo xohlasa, buni yana davom ettiramiz. Maqsadimiz chempionlik. Bu jamoa bilan ko‘p narsaga erishsa bo‘ladi. Jamoaviy futbol juda zo‘r shakllangan. Shuning uchun klubga tezroq qo‘shilib, o‘z futbolimni ko‘rsatmoqchiman.

Yangi munozara

Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda

5+ izoh
Muhokamaga o‘tish

Izohlar Telegram’da ochiladi

Bugungi yangiliklar