Superligadan keyingi o‘rinda turuvchi Proligada ham kurash qizg‘in va murosasiz tarzda kechayotganiga ishonasizmi? Bu haqiqat. Har bir turda, ayniqsa, favoritlar ishtirokidagi uchrashuvlarga e’tibor tobora ortib boryapti.
Ikkinchi o‘rinda borayotgan Gʻuzorning «Sho‘rtan» klubi 17-turda o‘z uyida «Lochin»ga mag‘lubiyatga uchrab juda qimmatli ochkolardan mahrum bo‘ldi. Hozirda «Sho‘rtan» 33 ochko bilan 2-o‘rinda va peshqadam «Orol»dan 9 ochkoga ortda qolyapti.
Og‘riqlik mag‘lubiyatdan keyin jamoani ruhan tiklash qiyin kechmaydimi? Bosh murabbiy Asror Aliqulov bir qator savollarga javob qaytardi.
- Asror Choriyevich «Lochin»dan uchralgan mag‘lubiyatga qanday izoh berasiz?
- O‘yin og‘ir kechishini bilardik. Chunki birinchi davradagi uchrashuv ham og‘ir, kurashlarga boy va qo‘pollik asosida o‘tgan. Ruhiy tomonlama ham futbolchilar bir-birini ayamaydi. Kurashdi, jamoa ko‘proq qarshi hujumda o‘ynadi. Qo‘pollik ko‘p ishlatishdi. Afsuski, qulay imkoniyatlardan gol ura olmadik va o‘zimiz gol o‘tkazib yubordik. Hujumchimiz birga-bir holatdan foydalana olmadi. «Lochin» oxirigacha himoyalanadi. Umuman olganda, aksariyat futbolchilarga o‘yindagi kurashishgani uchun e’tirozim yo‘q. Himoyada birgina xatodan «Lochin» jazoladi va biz mag‘lubiyatga uchradik. Raqib jamoani g‘alaba bilan tabriklayman.
- «Orol» bilan 9 ochkolik farq bo‘ldi. Bu birinchi o‘rin uchun kurashga qanchalik ta’sir qiladi?
- Ko‘ryapsiz, har o‘yin og‘ir. 9 ochkolik farqni o‘yinlar sonini hisobga oladigan bo‘lsak, juda katta farq. Lekin qo‘lni tushirmasligimiz kerak. Har bir uchrashuv og‘ir kechyapti. Agar «Lochin» darvozasiga birinchi bo‘lib gol urganimizda g‘alaba qozonishimiz mumkin edi. FarDU bilan uchrashuvda ham g‘alaba qozonayotgandik, raqibda hech qanday imkoniyat yo‘q edi. Ammo o‘zimizni xatolarimiz golga olib keldi. Himoyada rotatsiya qildik. Qaysidir o‘yinchilarga dam berdik, xatolar ustida ishladik. Himoyadagi xato bizga qimmatga tushdi.
- Raqib qarshi hujumlarda gol urib ketyapti. Bugungi kunda qarshi hujum taktikasidan foydalanish qanchalik o‘zini oqlayapti?
- Bizga ochko kerak. «Lochin»ga beshlikka kirish maqsadi qo‘yilgan. Ular ham har bir uchrashuvda kurashadi. Bizni maqsadimiz Superliga. Shuning uchun iloji yo‘q, har bir bahsga faqat g‘alaba uchun chiqamiz. O‘yinlarda yopiq o‘yin kuzatilyapti. Biz gol urganimizda, hisobda oldinda borsak biz ham himoyaga e’tibor qaratishimiz mumkin. Lekin gol kerak bo‘lyapti, hujumlar qilyapmiz. Gol ura olmasak ochko berilmaydi.
- «Lochin» tarkibida «Sho‘rtan»ga begona bo‘lmagan bir qancha futbolchilar bor. Ularning g‘alabasida buning ham ta’siri bo‘ldimi?
- Ayrimlari ruhiyat, shijoat bilan o‘ynab ketishgan. Ayrimlari «Sho‘rtan»dan xafaligi va jamoaga loyiqligini isbotlash uchun «Lochin» futbolchilari o‘zlarini ham, bizni ham ayashgani yo‘q. Raqib g‘alaba qozondi, biz yutqazdik. Shu bois bahona topish niyatimiz yo‘q.
- Yuriy Kolochkov o‘yin qaydnomasida ko‘rinmayapti. O‘rnida to‘p tepgan Anvar Murodov uning yo‘qligini bosa oldimi?
- Kolochkov FarDUdan keyin jarohat olgandi. Mashg‘ulotlarda ham qatnasha olgani yo‘q. Keyingi o‘yinga tiklanishi kerak. Muolajalar olyapti, shifokorlarimiz ishlashyapti. Hujum chizig‘imizda muammolar borligi uchun Murodovni jalb qildik. Ko‘ryapsiz, ko‘p yugurish, ko‘p mehnat qilish kerak. Anvar mehnatkash futbolchi. Ammo ikkita uchrashuvda ham u birga-bir vaziyatda 100 foizli imkoniyatlardan foydalana olmadi. Balki unda biroz tanaffus bo‘lgani ham ta’sir qilgandir. Omadsiz o‘yin o‘tkazdi.
- Eng alamli mag‘lubiyat aynan «Lochin»ga qarshi bo‘ldi, deb hisoblaysizmi?
- Hisoblaymiz. Futbolchilarga ham shu fikrni aytdim. Kimga bo‘lsa ham faqat «Lochin»ga emas. O‘yinchilari bizda o‘ynab ketishgan, biz esa ulardan o‘yinchi olamiz. Shu tomonlama eng alamlisi ushbu mag‘lubiyat desam to‘g‘ri bo‘ladi.
Asror Aliqulov: «Orol» bilan 9 ochkolik farq juda katta»
Eksklyuziv
31 avgust, 05:54
«Sho‘rtan» bosh murabbiyi Tribuna.uz uchun eksklyuziv intervyu berdi.
Фото: Шўртан ПФК