Karim Benzema Saudiya Arabistonida unga taklif qilinayotgan shartnomadan juda norozi.
Hujumchi aynan shu sababga ko‘ra "Al Ittihod"ning "Al Fotih"ga qarshi o‘yinida (2:2) ishtirok etishdan bosh tortgani ma'lum bo‘ldi.
LʼEquipe nashrining aniqlik kiritishicha, fransiyalik futbolchi taklifni haqoratli deb hisoblagan. Uning atrofidagilar ham hujumchiga nisbatan hurmatsizlik qilinganini aytishmoqda, chunki yangi taklif bo‘yicha Karimga deyarli "tekinga o‘ynash"ga to‘g‘ri keladi — faqat imidj huquqlaridan keladigan daromadlargina mustasno.
Ta'kidlanishicha, bu holatda "Al Ittihod" rahbariyati ojiz, chunki amaldagi ish beruvchi Saudiya ligasining o‘zi hisoblanadi.
Benzemaning yo‘qligi — Serjiu Konseysau jamoasi uchun juda katta yo‘qotish. 38 yoshli forvard hafta oxiridagi "An Najma"ga qarshi bahsda ham o‘ynamasligi kutilmoqda.