Madridning «Real» klubi yarimhimoyachisi Jud Bellinghem kelajakda boshqa Yevropa chempionatida, xususan, Angliya Premyer-ligasida to‘p surishni xohlamoqda. Teamtalk xabariga ko‘ra, bu ingliz futbolchisining uzoq yillik maqsadlaridan biri hisoblanadi.
Manbada ta’kidlanishicha, Bellinghem faoliyati davomida hali Premyer-ligada o‘ynamagan va kelajakda ushbu chempionatda o‘zini sinab ko‘rishni istaydi. Biroq bu reja yaqin vaqt ichida amalga oshishi kutilmayapti. Hozirda 23 yoshli futbolchi bor e’tiborini «Real» safidagi o‘yinlariga qaratgan.
Bellinghemning madridliklar bilan amaldagi shartnomasi 2029-yil iyun oyi oxirigacha mo‘ljallangan. Transfermarkt portali uning bozor qiymatini 160 million yevroga baholamoqda.
Ma’lumot uchun, Bellinghem 2023-yilda Dortmundning «Borussiya» klubidan «Real»ga o‘tgan.
Eslatib o‘tamiz, ingliz yarimhimoyachisi «Real» safida Ispaniya chempionati va Yevropa miqyosidagi musobaqalarda ishtirok etib kelmoqda.