«Manchester Yunayted» rahbariyati jamoa sardorlaridan biri Bruno Fernandeshni saqlab qolmoqchi. Jurnalist Pit O’Rurk ma’lumotlariga tayangan Teamtalk xabariga ko‘ra, mankunianliklar portugaliyalik futbolchi bilan yangi uzoq muddatli shartnoma imzolashni maqsad qilgan.
32 yoshli yarimhimoyachining «qizil iblislar» bilan amaldagi kelishuvi 2027-yilning yozida yakuniga yetadi. Shu sababli klub futbolchini uzoq muddatga jamoada olib qolish choralarini ko‘rmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Fernandesh 2020-yil yanvaridan buyon «Manchester Yunayted» sharafini himoya qilib kelmoqda. Transfermarkt portali uning bozor qiymatini 35 million yevroga baholagan.
Ma’lumot uchun, Fernandesh ushbu mavsum Angliya Premyer-ligasida oltita bahsda qatnashib, uchta gol va bitta golli uzatmaga mualliflik qilgan.