Xulian Alvares «Atletiko»ni tark etib, «Barselona»ga o‘tishi uchun shartnomani bir tomonlama bekor qilish huquqidan foydalanishi mumkin. Mundo Deportivo xabariga ko‘ra, klublar o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri kelishuvga erishish deyarli imkonsiz.
Professional sportchilar mehnat munosabatlarini tartibga soluvchi nizomning 16-moddasiga ko‘ra, futbolchi klub aybi bo‘lmagan holatda shartnomani o‘z tashabbusi bilan bekor qilsa, klubga tovon puli to‘lashi kerak. Agar uning miqdori avvaldan belgilanmagan bo‘lsa, summani mehnat sudi sport sharoitlari, klubga yetkazilgan zarar va shartnoma bekor qilinishining sabablarini hisobga olgan holda belgilaydi.
Agar Alvares shartnoma bekor qilinganidan keyin bir yil ichida boshqa klub bilan kelishuv tuzsa, yangi jamoa tovon pulini to‘lash uchun subsidiar javobgarlikka ega bo‘ladi. Shu sababli futbolchi «Barselona»ga o‘tgan taqdirda, ushbu xarajat kataloniyaliklar zimmasiga tushishi mumkin.
Ma’lumot uchun, Alvaresning «Atletiko» bilan shartnomasi 2030 yilgacha amal qiladi. Uning shartnomasidagi tovon puli 490 mln yevroni tashkil etadi, biroq sud aynan shu summani belgilashi shart emas. 26 yoshli hujumchi yiliga soliqlargacha taxminan 12,5 mln yevro, soliqlardan keyin esa 6,2 mln yevro atrofida daromad oladi.
Eslatib o‘tamiz, Alvares kelajagi atrofidagi noaniqliklar fonida «Atletiko»ning ketma ket uchinchi mashg‘ulotini ham o‘tkazib yuborgan.