CIES Football Observatory so‘nggi olti oylik natijalar asosida Angliya Premyer ligasida to‘p tepayotgan 23 yoshgacha bo‘lgan eng kuchli futbolchilar reytingini e’lon qildi.
Unga ko‘ra, «Manchester Siti» himoyachisi Abduqodir Husanov 79,9 ball bilan 19-o‘rinni egalladi. Mutaxassislar uning o‘yinida, ayniqsa, hujumni boshlab berish va rivojlantirishdagi hissasini yuqori baholagan.
Reytingda birinchi o‘rin «Liverpul» yarimhimoyachisi Florian Virtsga (93,8) nasib etdi. Kuchli uchlikdan, shuningdek, «Manchester Siti» vingeri Rayan Sherki (90,0) va «Nyukasl» himoyachisi Lyuis Holl (87,7) joy oldi.
Shuningdek, ro‘yxatda Alexandro Garnacho («Chelsi»), Adam Uorton («Kristal Pelas») va Konor Bredli («Liverpul») kabi yosh futbolchilar ham bor.
Ma’lumot uchun, CIES reytingni tuzishda futbolchilarning individual harakatlari, o‘yin vaqti, jamoa natijalari hamda liga darajasini inobatga oladi. Husanov ushbu mavsum «Manchester Siti» safida 33 ta bahsda maydonga tushgan. Uning klub bilan shartnomasi 2029 yilgacha amal qiladi, Transfermarkt esa futbolchini 35 million yevroga baholagan.