Chempionatni munosib o'tkazayotgan Farg'onaning "Neftchi" klubi yozgi yig'inni Turkiyada olib bormoqda. Jamoa tarkibi mahalliy va legionerlardan iborat saviyali futbolchilardan tashkil topganini yaxshi bilasiz.
Ana shunday saviyali o'yinchilardan biri serbiyalik Zoran Marushich bo'lib, u allaqachon farg'onalik muxlislarning mehrini qozonishga ulgurgan. Marushich gol urishga chanqoq va doim raqib himoyachilari uchun jiddiy xavf tug'dirib keladi. Kuni kecha Tribuna.uz jurnalisti Zora Marushich bilan suhbatlashdi.
- Zoran, ayni paytda "Neftchi" bilan Turkiyadagi yig'indasiz. Odatda, Antaliyada qishki yig'inda ishtirok etib kelasiz. Ayting-chi, bu sizning Turkiyadagi ilk yozgi yig'iningizmi yoki oldin ham yoz faslida u yerda shug'ullanganmisiz?
- Biz Antaliyadan unchalik uzoq bo'lmagan joydamiz – tog'li hududda. Aytganimdek, bu hudud Antaliyadan u qadar olis emas. Havo harorati nisbatan pastroq va bunday havoda mashg'ulot qilish oson. Mavsumning yozgi qismidagi tanaffusda ilk bor mana shunday joyda tayyorgarlik ko'rishim. Hammaga men yoqmoqda.
- Qo'shimcha qiyinchiliklarga duch kelmayapsizmi?
- Yuqorida aytganimdek, Antaliyani o'zida emasmiz. Odatda, qishki yig'inlar Antaliyani o'zida olib boriladi. Rostini aytadigan bo'lsam, hozir dengiz bo'yida, jaziramada bo'lishni istamasdim. Qolaversa, bunday shart-sharoitda shug'ullanish unchalik qulay bo'lmaydi. Bu yerda esa ancha yaxshi.
- Superligada 11 turdan keyin "Neftchi" peshqadamlik qilmoqda. Tarkib kuchli, o'yin sifati ham yaxshi. Shunday ekan, hammasidan qoniqyapsizmi yoki qandaydir kamchiliklar bor, deb o'ylaysizmi?
- Biz birinchi o'rinda boryapmiz va ayni payt uchun bu juda muhim. Mavsum oxirigacha birinchi o'rinda qolish uchun bor imkoniyatimizni ishga solamiz. Bizga nima kerak yoki kerak emasligi haqida ko'proq murabbiylar bilishadi. Agar, ular chiziqlardan birini kuchaytirish shart deb hisoblasalar albatta shu ishni amalga oshirishadi. Hozircha bizda hammmasi a'lo darajada. Klub rahbariyati "Neftchi" bundan keyin ham kuchli bo'lishi uchun barcha shart-sharoitlarni yaratib bergan.
- Hozirgacha 6 ta golga mualliflik qildingiz. Hujumchi sifatida nechta gol urishni mo'ljallagansiz?
- Men iloji boricha ko'proq gollar kiritishga harakat qilaman. Qolaversa, bu zimmdagi vazifa hisoblanadi. Lekin o'z maqsadlarimni jamoa maqsadlaridan yuqori qo'yishga odatlanmaganman. Agar jamoa g'alaba qozonar ekan, men gol uramanmi-yo'qmi, juda baxtiyor bo'laman. Axir biz yagona jamoamiz!
- Mundialda qaysi milliy jamoalarni qo'llab-quvvatlaysiz va nima uchun?
- Chempionatda a'lo darajadagi jamoalar yetarli. Shu sabab yakunda kim chempion bo'lishini aytish qiyin. Umid qilamanki, biror-bir jamoa syurpriz hozirlaydi. Avvalo, men O'zbekiston milliy jamoasini guruhdan chiqishini kutyapman. Bundan keyin esa nima bo'lishini vaqt ko'rsatadi. Ehtimol, balki aynan O'zbekiston milliy jamoasi hammani yoqimli tarzda hayron qoldirar.
- Turnir jadvalida "Neftchi" 1, "Paxtakor" esa 2-o'rinda. Sizningcha, jamoangiz uchun chempionlik poygasidagi asosiy raqobatchi "Paxtakor"mi?
- O'ylaymanki, hozirda biz va "Paxtakor"dan tashqari chempionlik uchun uchinchi yaqqol da'vogar yo'q. Lekin, shak-shubhasiz, bizni oldinda chempionatning juda qiziqarli davomiyoti kutib turibdi. O'z navbatida mavsumning qolgan qismi O'zbekiston futboli ishqibozlari uchun juda tomoshabop ruhda kechadi. Umid qilamanki, biz yaxshi futbol namoyish eta olamiz. Kim chempionlikka munosib bo'lsa, o'sha jamoa g'olib chiqaversin.
- Siz faoliyatingizda bir qanchla mutaxassislar bilan ishlab ko'rgansiz. "Neftchi"ning hozirgi ustoz o'zida ishlagan murabbiylaridan nimasi bilan farq qiladi?
- Mening faoliyatimda ko'plab murabbiylar bo'lishgan va har biri futbolchi sifatida shakllanishimga qandaydir ta'sir ko'rsatgan. Islom ko'p jihatlari bilan ajralib turadi. Birinchi navbatda u ajoyib murabbiy, hujumkor futbolni yoqtiradi. Bu esa ko'pchilikka yoqadi. U yosh mutaxassis va butun faoliyati hali oldinda. Islom iloji boricha tajribasini oshirishga va o'z ishining ustasi sifatida shakllanishga intilmoqda.
Bugungi kunda bunday, o'z ustida ishlashga chanqoq mutaxassislar unchalik ko'p bo'lmasa kerak. Lekin birinchi navbatda murabbiyimiz yaxshi inson. Men unga qo'lga kiritish mumkin bo'lgan narsalarni yutishini tilayman. O'z navbatida shu jamoada ekanman, qo'limdan kelgan bor yordamni berishga tayyorman!