Superligamizdagi eng yosh murabbiy – Islom Ismoilov "Neftchi" bosh murabbiyi rolida hozircha o‘zidan yaxshi taassurot qoldiryapti. Farg‘onaliklar 11 turdan keyin musobaqa jadvalida peshqadam bo‘lib turibdi.
O‘zbekistonning amaldagi chempioni sifatida chempionlik kamari munosib himoya qilinmoqda. Albatta, oldinda hali o‘yinlar ko‘p. Barqarorlikni saqlab qolish uchun yozgi yig‘inni har tomonlama puxta o‘tkazish talab etiladi.
Bosh murabbiy Islom Ismoilov esa Tribuna.uz jurnalistining bir qator savollariga javob qaytardi.
- Yaqinda "Neftchi"ni "Zenit" bilan o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazishi va yozgi yig‘inni Turkiyada olib borishi xususida aytib o‘tgan edingiz. Jamoangizning yozgi yig‘in rejasi tasdiqlandimi?
- 10 iyundan jamoamiz Turkiyaning Antaliya shahrida joylashgan tepaliklarda yozgi yig‘inni boshlaydi. Ikki hafta davom etadigan tayyorgarlik davomida ikkita o‘rtoqlik o‘yini rejalashtirilgan. Hozircha raqiblar aniq emas. Yig‘indagi asosiy e’tibor jamoaning jismoniy tayyorgarligiga hamda taktik ishlanmalarga qaratiladi. So‘ngra O‘zbekistonga qaytamiz va ikki kunlik hordiqdan so‘ng 27 iyundan o‘z qarorgohimizda yig‘ilamiz va Sankt-Peterburgda "Zenit"ga qarshi o‘tadigan o‘rtoqlik uchrashuviga tayyorgarlik ko‘ramiz. 6 iyul kuni Rossiyaga uchib ketamiz va 8-sana "Zenit" bilan o‘ynaymiz. U yerdan qaytganimizdan keyin chempionat doirasida "Buxoro"ga qarshi bellashuvga tayyorgarlikni davom ettiramiz.
- Ayting-chi, "Zenit"ga qarshi o‘yin o‘tkazish tashabbusi kimdan chiqdi?
- Bu taklifni "Zenit" jamoasi berdi. Albatta, biz bunga rozi bo‘ldik. Qiziqarli uchrashuv bo‘ladi, ikkala klubga ham foydali o‘yin. "Zenit" bekorga Rossiya chempioni emas. O‘ziga yarasha yuqori darajadagi jamoalardan biri hisoblanadi.
- Yaqinda murabbiylar shtabida sizga yordam berib kelgan Yurgen Gede klubdan ketdi. Bu kutilmaganda yuz berdimi?
- Oilaviy sabablarga ko‘ra. Uni yoshi kattaroq edi, ayoli yolg‘iz... Bu yerda qiyinchilik tug‘dirdi, shekilli. Shuning uchun oilaviy holatiga ko‘ra ketishga qaror qildi. Jamoa do‘stona xayrlashdi.
- Uning o‘rniga yangi mutaxassis jalb qilinadimi?
- Hozircha muzokaralar olib boryapmiz, qidiryapmiz.
- "Neftchi" 11 ta turdan keyin musobaqa jadvalida peshqadamligini saqlab kelyapti. Bosh murabbiy sifatida hammasi reja bo‘yicha ketyapti, deb ayta olasizmi?
- Hamma narsa reja bo‘yicha ketyapti. Qoniqishga keladigan bo‘lsak, baribir hali qilishimiz kerak bo‘lgan ishlar juda ko‘p. O‘yin sifatini yanada oshirishimiz kerak. G‘oyalarimiz tezlikka asoslangan futbol. Bu bo‘yicha ishlayapmiz. Asosiy maqsadimiz jamoani Osiyo elit Chempionlar ligasiga optimal formada olib borish.
- Eng kuchli tarkib "Neftchi"da. Shunga qaramay, yozgi seleksiyada tarkibda o‘zgarishlar ko‘rishimiz mumkinmi?
- Tarkibimizda yetarlicha futbolchilar bor. Legionerlar limiti to‘la. Bu haqda hali bosh qotirganimiz yo‘q. Lekin ko‘ramiz, vaziyatga qaraymiz.
- O‘zbekiston Kubogi 1\8 finaliga qur’a tashlanganida "Neftchi"ni yana "Paxtakor" bilan to‘qnash kelishi ma’lum bo‘ldi va bu intriguani yanada oshirdi. Aytaylik, "Neftchi" uchun "Paxtakor" bilan balki yarim final yo finalda to‘qnash kelgan ma’qulmasmidi?
- Istalgan jamoa bu musobaqada kuchliroq jamoaga qarshi o‘ynashiga to‘g‘ri keladi. Finalda bo‘ladimi, yarim finaldami farqi yo‘q. "Paxtakor"ga tushganimizni shov-shuvli holat deb bilmayman. Sababi, bu tabiiy holat, chunki bugun bo‘lmasa ertaga baribir "Paxtakor"ga qarshi o‘ynardik. To‘g‘ri, "Paxtakor" O‘zbekistonni eng kuchli klublaridan biri, tarkibida sifatli futbolchilar juda ko‘p. Terma jamoa darajasida qarasak ham baribir "Neftchi"dan ko‘ra "Paxtakor"dan termaga chaqirilgan futbolchilar ko‘proq. Bu o‘z-o‘zidan jamoada baribir sifati yuqori o‘yinchilar ko‘pligini anglatadi. Biz chempionatdagi mag‘lubiyat va uyda muxlislarimiz oldida g‘alaba qozonish uchun bor kuchimiz bilan harakat qilamiz.
- Murabbiy sifatida chempionatda "Neftchi"dan tashqari qaysi jamoaning o‘yini sizga yoqmoqda?
- Ko‘p jamoalar zamonaviy, sifatli futbol o‘ynashga harakat qilyapti. Ba’zi jamoalarni tarkibida mahoratli futbolchilar yetishmasligi mumkin. "Paxtakor" doim yorqin o‘yin namoyish qiladi. "Nasaf"ning shakllangan o‘yin uslubi bor. Bundan tashqari, "Navbahor" ham sifatli futbol ko‘rsatishga harakat qilyapti.
- "Neftchi"dan jalb qilingan Alisher Odilov va Ibrohimxalil Yo‘ldoshev milliy jamoamizning AQShga yo‘l olgan tarkibidan tushib qoldilar. Bunga munosabatingiz qanday bo‘ldi?
- "Neftchi" murabbiyi sifatida albatta har bir futbolchimizni milliy jamoaga jalb qilinishini va jahon chempionatida ishtirok etishini xohlayman. Lekin milliy jamoani o‘z murabbiyi bor va o‘zini qarashlari mavjud. Masalan, unga yoqqan futbolchi boshqalarga yoqmasligi mumkin yoki boshqalarga yoqqani unga yoqmasligi mumkin. Natijaga bosh murabbiy javob beradi. Bu yerda ko‘plab tajribali mutaxassislar bor. Ularni qarorlari milliy jamoa, Vatan manfaatlari uchun bo‘ladi, deb umid qilamiz. Shuning uchun buni to‘g‘ri qabul qildik. Lekin ikkala futbolchi ham jahon chempionatiga borishga munosib edi.
Shuhratbek Jo‘rayev suhbatlashdi.