Live
1
O'zbek

Yevropa federatsiyalari Infantinoga muqobil nomzod izlamoqda

Futbol
14 iyul, 10:00
UEFAdagi ayrim tashkilotlar FIFA prezidentligi uchun raqobatchi ko'rsatishni rejalashtirmoqda.
Yevropa federatsiyalari Infantinoga muqobil nomzod izlamoqda
Foto: Getty Images

Bir qator Yevropa futbol federatsiyalari FIFA prezidenti Janni Infantinoga qarshi kuchli nomzod qo'llab-quvvatlashga tayyor. Bu haqda talkSPORT xabar berdi.

Manbaga ko'ra, Infantino uchinchi muddatga qayta saylanish niyatida va dastlab saylovda raqibsiz qatnashishni rejalashtirgandi. Biroq UEFA ichida unga muqobil nomzod ko'rsatish tarafdorlari paydo bo'lgan.

Ehtimoliy nomzodlardan biri sifatida UEFA prezidenti Aleksander Cheferin tilga olinmoqda. Ammo manbaning yozishicha, sloveniyalik funksioner hozircha Infantinoga qarshi kurashmoqchi emas va e'tiborini UEFAdagi faoliyatiga qaratgan.

Shuningdek, Belgiya va Polsha futbol federatsiyalari «PSJ» prezidenti hamda Yevropa klublari assotsiatsiyasi rahbari Nosir Al-Xelayfini qo'llab-quvvatlashga tayyor. Biroq uning o'zi hozircha saylovda ishtirok etishga qiziqish bildirmagan.

Nomzodlar orasida «Legiya» klubi egasi Dariush Myoduski, KONKAKAF prezidenti Viktor Montagliani va Afrika futbol konfederatsiyasi rahbari Patris Motsepe ham tilga olinmoqda.

Qayd etilishicha, UEFAdagi norozilikka Infantinoning Jahon chempionati ishtirokchilari sonini 64 ta jamoaga yetkazish, shuningdek, Klublar o'rtasidagi jahon chempionatini kengaytirish va uni har ikki yilda bir marta o'tkazish rejalari sabab bo'lgan.

FIFA prezidentligi saylovi uchun nomzodlarni ro'yxatga olish 18 noyabr kuni yakunlanadi. Ovoz berish ham aynan shu sanada bo'lib o'tadi.

Bugungi yangiliklar