Yaqinda Portugaliyaning «Braga» klubiga ikki nafar hamyurtimiz – Sayfiddin Sodiqov bilan Sadriddin Hasanovning qo'shilgani va rasmiy shartnoma imzolanganini birinchi bo'lib Tribuna.uz xabar bergandi.
Shundan keyin Sodiqov nashrimiz uchun intervyu ham berdi. Endi esa navbat Hasanovga! «Bunyodkor» klubidan «Braga» jamoasiga transfer qilingan futbolchimiz ilk bor legioner maqomida saytimiz jurnalistining savollariga javob berdi.
- Sadriddin, «Braga»ga transferingiz haqida xabarni birinchi eshitgan paytingizda qanday hislarni boshdan kechirdingiz?
- «Braga»dan chaqiruv xabarini olganimda juda ham xursand bo'ldim.
- Nega aynan «Braga» variantini tanladingiz? Bu klub siz uchun nimasi bilan qiziq bo'ldi?
- Men «Braga» klubini tanlaganimni sababiga kelsak, bu jamoa yoshlarga imkon beradi va o'zlarida o'ynatib, yaxshi variantlar chiqsa darhol berishadi.
- 18 yoshda Yevropaga yo'l olish oson emas. Bu qarorda oila va yaqinlaringizning qo'llab-quvvatlashi qanday bo'ldi?
- Ha, 18 yoshda oson emas, avvalo, ota-onangizdan uzoqda... Ota-onam meni har doim qo'llab-quvvatlaydi. Hammasi o'z qo'lingda deb uqdirishadi.
- «Bunyodkor» akademiyasi sizga katta futbol uchun qanday poydevor berdi?
- «Bunyodkor» klubi yosh bo'lishimga qaramay, men uchun Superligada o'zimni ko'rsatishimga imkoniyat yaratib berdi.
- Portugaliya futboli bilan tanishgach, O'zbekiston futboli bilan eng katta farqni nimada ko'ryapsiz?
- O'zbekiston bilan farqiga kelsak, bu yerda hamma narsa tez va sifatli.
- «Braga»dagi dastlabki kunlaringiz qanday o'tyapti? Jamoa va murabbiylar sizni qanday kutib olishdi?
- Men to'g'risi, jamoani bunchalik qo'llab-quvvatlashini kutmagandim. Murabbiylar va futbolchilar juda tez “podderjka” berishdi.
- O'zingizni yangi jamoada ko'rsatish uchun oldingizga qanday maqsadlar qo'ygansiz?
- Meni yangi jamoamda o'zimni ko'rsatishimning yo'li – bu mening texnikam orqali bo'ladi, deb o'ylayman. O'yinlar davomida o'zimni har tomonlama ko'rsatishga harakat qilaman.
- Yevropada qaysi jihatlaringizni rivojlantirish ustida ishlamoqchisiz?
- Men bu yerda o'zimga kerakli bo'lgan hamma narsalarni o'rganaman.
- O'zbek futbolchilari orasida Yevropada o'ynashni orzu qilayotgan yoshlarga qanday maslahat bergan bo'lardingiz?
- Faqat mehnat. Hamma narsani ilojisi bor. Barchasi o'zlarining qo'lida.
- Kelajakda o'zingizni qaysi darajadagi futbolchi sifatida ko'rishni xohlaysiz?
- Bilasizmi, o'zimni top futbolchilar orasida ko'rishni istayman.
- «Braga»ga transferingiz — bu orzuning amalga oshishimi yoki katta orzu yo'lidagi birinchi qadammi?
- Ha, to'g'ri, «Braga» klubi orzularimdan biri, ammo hammasi emas. «Braga» klubi bu boshlanishi. Xudo xohlasa, oxiri PSJ klubi bo'ladi.
Sadriddin Hasanov: «Braga» orzularimdan biri, ammo hammasi emas»
Eksklyuziv
14 iyul, 09:42
Tribuna.uz muxbiri Hasanov bilan ham suhbatlashdi.
Фото: Braga FC
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi