«Barselona» vingeri Lamin Yamalning otasi Munir Nasraui «Oltin to‘p» topshirish marosimiga uchishdan oldin janjalli vaziyatga tushib qoldi. Crónica Global nashri ijtimoiy tarmoqlardagi guvohlar bayonotlariga tayanib xabar berishicha, voqea Barselona aeroportidagi kutish zalida joylashgan kafeda yuz bergan. Mojaro shu darajada keskinlashganki, vaziyatga fuqarolik gvardiyasi xodimlari aralashishiga to‘g‘ri kelgan.
Kelishmovchilik Nasraui kurtkasini bunga ruxsat berilmagan joyga ilib qo‘ygani sababli boshlangan. Kafe xodimalaridan biri undan buyumni olib qo‘yishni so‘ragan. Guvohlarning aytishicha, Yamalning otasi bunga keskin munosabat bildirgan va tortishuv davomida ofitsiantning yuziga tupurgan.
Vaziyatni tinchlantirishga uringan guvohlardan biri ham mojaro ishtirokchisiga aylangan. Nashr ma’lumotiga ko‘ra, Nasraui unga zarba bergan va stul bilan urishga ham chog‘langan.
Huquq-tartibot idoralari vakillari yetib kelganidan so‘ng Nasraui tinchlangan. Shundan keyin unga samolyotga chiqish va London tomon uchib ketishga to‘sqinlik qilinmagan.
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi