Bugun
98
O'zbek

«San-Paulu»ning sobiq futbolchisi klubdan 700 ming funt tovon puli talab qilmoqda

Futbol
28 oktabr, 02:45
19 yoshli hujumchi jarohatlariga noto‘g‘ri tashxis qo‘yilganini da’vo qilmoqda.
«San-Paulu»ning sobiq futbolchisi klubdan 700 ming funt tovon puli talab qilmoqda
Foto: Getty Images

Braziliyaning «San-Paulu» klubi sobiq tarbiyalanuvchisi Tiyerri Anri Santos Souza jamoa ustidan sudga murojaat qilib, qariyb 5 million real (700 ming funt) miqdorida tovon puli talab qilmoqda. GOAL nashrining ESPN Brasil ma’lumotlariga tayanib xabar berishicha, 19 yoshli hujumchi klub akademiyasida faoliyat yuritgan davrida bir necha bor jarohat olgan va uning sog‘lig‘iga yetarlicha e’tibor berilmaganini ta’kidlamoqda.

Futbolchi 13 yoshida «San-Paулу» akademiyasiga qo‘shilgan, 2023-yilda esa 16 yoshida ilk professional shartnomasini imzolagan. Uning da’vosiga ko‘ra, faoliyati davomida tizzasi, soni, to‘pig‘i, qo‘li va qov sohasidan besh marta jarohat olgan. U mart oyida klubni tark etishni so‘ragan.

Futbolchining advokatlari klub tibbiy xodimlarini loqaydlikda ayblamoqda. Ularning ta’kidlashicha, yanvar oyida xususiy tibbiy sug‘urta doirasida o‘tkazilgan tekshiruvlarda qov suyagi sohasidagi yallig‘lanish va dumba mushaklarida shish aniqlangan. Shunga qaramay, futbolchi profilaktik mashg‘ulotlar dasturiga jalb etilib, keyinchalik mashg‘ulotlarga qaytishiga ruxsat berilgan.

Shuningdek, da’vo arizasida futbolchi o‘tgan yili o‘ng sonining to‘rt boshli mushagida 34 foizlik kuch yoki hajm yetishmovchiligi aniqlanganidan atigi sakkiz kun o‘tib, maydonga tushishga ruxsat olgani aytiladi. Futbolchining advokatlari ayrim jarohatlarga noto‘g‘ri tashxis qo‘yilganini va ular to‘liq tuzalmasdan turib mashg‘ulot hamda o‘yinlarga qaytishga ruxsat berilganini bildirmoqda.

«Bu bahs sportchining jarohat olgan-olmagani haqida emas — klubning o‘zi buni yozma ravishda tan olgan. Gap shundaki, professional tibbiy bo‘limga ega klub qanday qilib bog‘lam uzilishini «Axilles tendinopatiyasi» deb qayd etgani, jarohatlar tuzalmasdan turib futbolchiga ruxsat bergani va qov suyagi sohasidagi yallig‘lanishga “profilaktik mashg‘ulotlar” bilan javob qaytargani haqida», — deyiladi futbolchi advokatlari nomidan berilgan bayonotda.

Hujumchi tomoni 2023-yilda imzolangan shartnomadagi 60 million yevrolik tovon puli bandiga ham e’tibor qaratgan. Advokatlarning fikricha, bu summa klub futbolchining kelajagiga katta umid bog‘laganini ko‘rsatadi. Bo‘yi 1,93 metr bo‘lgan hujumchining asosiy jamoaga ko‘tarilishi bilan maoshi ham oshishi ko‘zda tutilgan.

Futbolchining rasmiy da’vosi 4 247 291,80 realni tashkil etadi. Bu summaga yo‘qotilgan daromad, to‘lanmagan ta’til puli, ma’naviy zarar, shartnomaviy jarimalar hamda o‘tgan va kelajakdagi tibbiy xarajatlar kiritilgan. Advokatlik xarajatlari uchun qo‘shimcha 15 foiz hisoblanganda, umumiy talab qariyb 5 million realga yetadi.

Biroq «San-Paулу» akademiyasiga yaqin manbalar futbolchining shartnoma uzaytirilganidan keyin mehnatsevarligi, intizomi va mashg‘ulotlarga munosabati bilan bog‘liq muammolar bo‘lganini da’vo qilgan. Ularning aytishicha, murabbiylar shu sababli uni asta-sekin jamoa rejalaridan chetlashtirgan.

Bugungi yangiliklar