Live
1
O'zbek

Venger FIFA mojarosi bo‘yicha pozitsiyasini ochiqladi

Futbol
4 avgust, 07:39
Fransiyalik mutaxassis Jahon chempionati huquqlarini sotish loyihasini ishlab chiqishda ishtirok etmaganini ma’lum qildi
Venger FIFA mojarosi bo‘yicha pozitsiyasini ochiqladi
Foto: Getty Images

FIFAning global futbolni rivojlantirish bo‘yicha direktori Arsen Venger FIFA Forward Enterprise (FFE) loyihasini ishlab chiqishda qatnashmaganini va ushbu tashabbus bekor qilinganini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, FFE loyihasi Jahon chempionati va boshqa turnirlarning tijoriy huquqlarini boshqaruvchi yangi tuzilma yaratishni nazarda tutgan edi. Biroq futbol konfederatsiyalarining keskin tanqidi hamda UEFAga a’zo davlatlarning boykot tahdididan so‘ng FIFA prezidenti Janni Infantino bu rejadan voz kechdi.

Vengerning ta’kidlashicha, uning FIFAdagi vazifalari mutlaqo boshqa yo‘nalishlarga qaratilgan.

«FIFAda men global futbolni rivojlantirish bo‘limiga rahbarlik qilaman. Jamoamiz bilan birgalikda o‘yin tahlillari, FIFAning onlayn murabbiylik markazi, 60 ta mamlakatdagi futbol akademiyalari hamda yoshlar musobaqalari bilan shug‘ullanamiz. Shuningdek, IFABning texnik maslahatchisi sifatida faoliyat yuritaman.

Men ushbu strategik loyihani ishlab chiqishda ishtirok etmaganman va bu haqda ilk bor ommaviy axborot vositalari orqali xabar topdim», — dedi Venger.

Fransiyalik mutaxassis loyihaning bekor qilinishini to‘g‘ri qaror deb atadi.

«Bu tashabbusni to‘xtatish mutlaqo zarur edi. Men FIFA mustaqil, shaffof va halol faoliyat yuritishi kerakligiga qat’iy ishonaman», — dedi Venger.

Ma’lumot uchun, Vengerning ushbu bayonoti Sky Sports jurnalisti Kaveh Solekol tomonidan e’lon qilindi.

Bugungi yangiliklar