«Manchester City» yarimhimoyachisi Phil Foden jamoaning yangi bosh murabbiyi Enzo Mareska bilan ishlash, yangi mavsum oldidagi maqsadlari va klubning yangi a'zosi Elliot Anderson haqida fikr bildirdi.
Fodenning aytishicha, Pep Guardiola qo'l ostida uzoq yillar to'p surgandan keyin yangi murabbiy bilan ishlash unga yangicha his-tuyg'ularni bermoqda. U Mareskaning g'oyalari va jamoaning o'yin uslubidan mamnun ekanini ta'kidladi.
«Rostini aytsam, hammasi menga yoqyapti. Faoliyatim davomida faqat Pep Guardiola bilan ishlaganman, shuning uchun yangi murabbiy kelishi men uchun yangi sahifa ochdi. Murabbiylar shtabi va ularning g'oyalari menga ma'qul. Yangi mavsumni intiqlik bilan kutyapman va jamoa uchun muvaffaqiyatli yil bo'lishiga ishonaman», — dedi Foden.
Angliyalik futbolchi klubning yangi futbolchisi Elliot Anderson haqida ham iliq fikr bildirdi. Uning so'zlariga ko'ra, Anderson hujumlarni tashkil etishda va to'pni himoya chizig'i ortiga aniq yetkazib berishda kuchli tomonlarga ega bo'lib, bu jihatlar Fodenning o'yin uslubiga mos keladi.
«Uni jamoamizda ko'rishdan juda xursandman. Ilgari uning o'yinlarini kuzatganman va bir necha bor qarshi maydonga ham tushganman. U “o'ninchi raqam” pozitsiyasidagi futbolchilarni yaxshi topadi va himoya chizig'i orasiga aniq paslar uzatadi. Bu mening o'yinimga juda mos. U bilan birga maydonga tushishni sabrsizlik bilan kutyapman», — deya qo'shimcha qildi yarim himoyachi.
Foden yangi mavsum uchun shaxsiy statistika bo'yicha aniq maqsad qo'ymaganini ham aytdi. U ta'til davomida oilasi bilan vaqt o'tkazib, yaxshi dam olganini ta'kidlab, asosiy maqsadi jamoaga imkon qadar ko'proq foyda keltirish, yetakchilardan biriga aylanish va mavsum yakunida sovrinlar yutish ekanini bildirdi.