Live
4
O'zbek

UEFA Infantinoga qarshi keskin chora ko'rishi mumkin

Futbol
4 avgust, 11:03
Manbalarga ko'ra, konfederatsiyalar muqobil musobaqalarni ham ko'rib chiqmoqda.
UEFA Infantinoga qarshi keskin chora ko'rishi mumkin
Janni Infantino.

UEFA, Osiyo futbol konfederatsiyasi (AFC) va CONCACAF FIFA prezidenti Janni Infantino lavozimini tark etmagan taqdirda, tashkilot faoliyatiga qarshi bir qator keskin choralarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda The Times nashri manbalariga tayanib xabar berdi.

Nashr ma'lumotiga ko'ra, uch konfederatsiya rahbarlari Infantino 2027-yil mart oyida bo'lib o'tadigan saylovda to'rtinchi muddatga ham nomzodini qo'yishga qaror qilsa, bir nechta ssenariyni muhokama qilmoqda. Ular orasida FIFA kengashi va qo'mitalari yig'ilishlarini boykot qilish, tashkilot qarorlarini tasdiqlamaslik hamda FIFA musobaqalariga muqobil xalqaro turnirlarni yo'lga qo'yish varianti ham bor.

Manbaga ko'ra, ehtimoliy yangi musobaqalar uchun asos sifatida 2017-yilda UEFA buyurtmasi bilan ishlab chiqilgan, ammo hozirgacha amalga oshirilmagan global Millatlar ligasi loyihasi ko'rib chiqilmoqda. Bu tashabbus amalga oshsa, jahon futboli boshqaruv tizimidagi eng yirik o'zgarishlardan biriga aylanishi mumkin.

Infantino so'nggi kunlarda Jahon chempionati huquqlarining bir qismini xususiy investorlarga sotish tashabbusi ortidan kuchli tanqidlarga uchradi. Loyihaga qarshi birinchi bo'lib UEFA chiqdi, keyinchalik AFC, CONCACAF va CONMEBOL ham ushbu rejani qo'llab-quvvatlamasligini bildirdi. Natijada FIFA rahbari mazkur tashabbusni kun tartibidan olishga majbur bo'ldi.

Avvalroq Uels, Serbiya va Shvetsiya futbol federatsiyalari ham Infantinoning 2027-yilgi saylovdagi nomzodini qo'llab-quvvatlamasligini ma'lum qilgan edi. Avvlroq FIFA prezidentligi uchun besh nomzod ko'rsatilgani haqida xabar bergan edik. FIFA prezidentligi saylovi 2027-yil mart oyida Marokashda bo'lib o'tadi.

Bugungi yangiliklar