Argentina terma jamoasi sardori Lionel Messi Madrid viloyatidagi o'rmon yong'inlaridan jabrlangan hududlarni tiklash uchun 80 ming yevro xayriya qildi. Bu haqda Madrid avtonom hamjamiyati prezidenti Isabel Dias Ayuso o'zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasi orqali ma'lum qildi.
Ayusoning ta'kidlashicha, ajratilgan mablag' Madridning Sierra-Oeste hududini qayta tiklash ishlariga yo'naltiriladi. Shuningdek, u Messiga minnatdorlik bildirib, futbolchini yaqin orada Madridda kutishayotganini va mahalliy aholi unga munosib olqishlar bildirishini qayd etdi.
So'nggi haftalarda Madridning g'arbiy qismida yuz bergan keng ko'lamli o'rmon yong'inlari katta hududga zarar yetkazdi. Rasmiylar ma'lumotiga ko'ra, yong'in hozirda barqarorlashgan va nazorat ostiga olingan bo'lsa-da, favqulodda xizmatlar hanuzgacha hududda navbatchilik qilib, yong'in qayta avj olmasligi uchun xavfli nuqtalarni kuzatmoqda.
Hozircha Pelayos-de-la-Presa va San-Martin-de-Valdeiglesiasdagi ayrim turar joylarga qaytishga ruxsat berilmagan. Shuningdek, San-Xuan suv ombori va Alberche sohiliga olib boruvchi yo'llar yopiq qolmoqda, ayrim avtomobil yo'llarida ham harakat cheklangan.
Messi avval ham turli tabiiy ofatlar va ijtimoiy loyihalar uchun xayriya aksiyalarida qatnashgan. Bu safargi xayriyasi Ispaniyadagi yong'in oqibatlarini bartaraf etish ishlarini qo'llab-quvvatlashga qaratilgan navbatdagi tashabbus bo'ldi.