Live
1
O'zbek

FIFA prezidentligi uchun besh asosiy nomzod sanaldi

Futbol
4 avgust, 08:09
Infantino qayta saylanish imkoniyati pasaygani aytilmoqda.
FIFA prezidentligi uchun besh asosiy nomzod sanaldi
FIFA prezidenti Janni Infantino

2027 yilda o'tadigan FIFA prezidentligi saylovi oldidan Janni Infantinoning tashkilot rahbari sifatidagi kelajagi yana muhokamalar markaziga chiqdi. Jahon chempionatining bir qismini xususiy investorlarga sotish tashabbusi qo'llab-quvvatlanmaganidan keyin bir qator milliy federatsiyalar amaldagi prezidentga nisbatan tanqidiy pozitsiyani egalladi. Xabarlarga ko'ra, Serbiya, Shvetsiya va Uels futbol federatsiyalari Infantinoni yana qo'llab-quvvatlamaslikka qaror qilgan.

Bu vaziyat FIFA rahbari almashishi mumkinligi haqidagi taxminlarni kuchaytirdi. Hozirning o'zidayoq bir nechta nufuzli sport amaldorlari 2027–2031 yillar uchun tashkilot prezidenti lavozimiga asosiy da'vogar sifatida tilga olinmoqda.

Ulardan biri KONKAKAF prezidenti Viktor Montagliani hisoblanadi. Kanadalik funksioner Infantinoning asosiy raqiblaridan biri sifatida ko'rilmoqda. KONKAKAF Jahon chempionati bilan bog'liq xususiy investitsiya rejasini qo'llab-quvvatlamagan bo'lsa-da, UEFA singari ochiq qarshi chiqmagan.

UEFA prezidenti Aleksander Cheferin ham ehtimoliy nomzodlar qatorida. Sloveniya rahbar FIFA bilan munosabatlarda bir necha bor tanqidiy pozitsiya bildirgan. U hatto o'tgan oy bo'lib o'tgan Jahon chempionati finalida ishtirok etmagani ham katta muhokamalarga sabab bo'lgan edi.

Osiyo futbol konfederatsiyasi prezidenti shayx Salmon bin Ibrahim Ol Xalifa ham ehtimoliy nomzodlardan biri sanaladi. FIFA kengashining katta vitse-prezidenti hisoblangan bahraynlik amaldor Jahon chempionati ishtirokchilari sonini 64 taga yetkazish hamda xususiy investorlar bilan bog'liq rejalarga qarshi chiqqan.

Yevropa matbuoti esa «PSJ» prezidenti Nosir al-Xelayfiyni ham asosiy da'vogarlardan biri sifatida ko'rsatmoqda. Shuningdek, Norvegiya futbol federatsiyasi prezidenti Lize Klaveness ham FIFA rahbariyatiga nomzod bo'lishi mumkinligi aytilmoqda. U so'nggi yillarda FIFA qarorlarini eng keskin tanqid qilgan funksionerlardan biri hisoblanadi.

FIFA prezidenti saylovi 2027 yil 18 mart kuni Marokashda o'tkazilishi rejalashtirilgan. Ayni paytda nomzodlarni rasmiy ro'yxatga olish jarayoni boshlanmagan bo'lsa-da, jahon futbolidagi so'nggi voqealar saylov uchun jiddiy raqobat yuzaga kelishi mumkinligini ko'rsatmoqda.

Bugungi yangiliklar